Shavkat Mirziyoyev Naybobod-Xarlachi yo‘nalishi bo‘yicha Transafg‘on temir yo‘l liniyasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi. 4-fevral kuni prezident xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan 2025-yil 17-iyul kuni Qobulda imzolangan O‘zbekiston Transport vazirligi, Afg‘oniston Jamoat ishlari vazirligi va Pokiston Temir yo‘llari vazirligi o‘rtasida Nayboboddan Xarlachiga qadar yangi temir yo‘l qurilishi uchun texnik-iqtisodiy asoslarni birgalikda ishlab chiqish to‘g‘risidagi hukumatlararo hadli bitim tasdiqlandi.

Transport vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.

Tashqi ishlar vazirligi xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun O‘zbekiston tomonidan zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ to‘g‘risida Afg‘oniston va Pokiston tomonlariga tegishli bildirishnoma yuboradi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari xalqaro shartnoma kuchga kirgandan so‘ng, belgilangan tartibda uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlashi kerak.

TIAni tayyorlash bilan bog‘liq ishlarning buyurtmachisi O‘zbekiston temir yo‘llari huzuridagi Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish strategiyasining uch tomonlama loyiha ofisi bo‘ladi. Hujjatning imzolanishi Transafg‘on temir yo‘l magistrali loyihasini amalga oshirishni tezlashtirish va yagona transport xabini yaratishga xizmat qiladi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Transafg‘on temir yo‘lini O‘zbekiston uchun ikkinchi yirik strategik loyiha deb atadi. Uning aytishicha, texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish bo‘yicha bitim loyihaning amaliy bosqichiga o‘tish uchun muhim qadam bo‘lib, geologiya, trassa va moliyaviy tahlillarni o‘z ichiga oladi.

Dastlab temir yo‘l yiliga qariyb 3 mln tonna yuk tashiydi, 2035−2040 yillarga kelib bu ko‘rsatkich 15−20 mln tonnagacha yetishi kutilmoqda. Loyihani amalga oshirish muddati taxminan 5 yil etib baholanmoqda.

Transafg‘on temir yo‘li

Transafg‘on temir yo‘lini qurish tashabbusi 2018-yilda ilgari surilgan. 2021-yil boshida Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor temir yo‘lining qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. Afg‘oniston va O‘zbekistonni bog‘lovchi loyiha $4,8 mlrdga baholangan.

2022-yilning boshida mazkur temir yo‘l yo‘nalishi tasdiqlandi. 2023-yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi.

Iyulda tomonlar loyihaning moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini ko‘rib chiqdilar. Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilga belgilangan.

2023-yilning dekabrida Transafg‘on temir yo‘li loyihasi qariyb $7 mlrdga baholandi. Qurilish Build-Operate-Transfer (qurilish-ekspluatatsiya-yo‘naltirish) formatida DXSh asosida amalga oshirilishi mumkin.

2024-yilning may oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev transafg‘on temiryo‘li Yevroosiyo transport yo‘lagini yaratishda muhim rol o‘ynashini qayd etgandi. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari Hind okeani portiga chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Tovar yetkazib berish muddati 35 kundan 5 kungacha qisqaradi, yetkazish narxi esa kamida 40%ga pasayadi.

Avvalroq O‘zbekistonda tezyurar poyezdlardagi yo‘lovchilar oqimi 2030-yilga kelib ikki barobarga oshishi haqida xabar berilgandi. Kelgusi besh yil ichida yangi Hyundai Rotem poyezdlari hisobiga yo‘lovchi tashish hajmini 3,25 mln kishiga yetkazish rejalashtirilmoqda.