Avvalroq prezidentning 2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish, aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lganlarga garov taʼminotisiz beriladigan kreditlar miqdori oshiriladi.
Xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida mahallalarda biznes boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga beriladigan garovsiz kreditlar miqdori 50 mln so‘mgacha yetkaziladi.
Chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarda import qilingan va sertifikatlangan naslli chorva mollari xaridi hamda tuyachilik faoliyati uchun ajratiladigan kreditlar miqdori 100 mln so‘mgacha oshiriladi.
Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda uy mehmonxonalarini tashkil etish, shuningdek ixtisoslashuvi 50%dan yuqori bo‘lgan mahallalarda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash uchun minitexnologiyalar xarid qilishga 150 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Shu bilan birga, ajratiladigan kreditlar hisobiga tovar va xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi bekor qilinadi.
2026-yil 1-martdan boshlab tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan “mahalla loyihasi” dasturi doirasida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining bir qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.
Bunda mahsulot yetishtirishga qaratilgan loyihalar uchun foiz stavkasining 4 foizlik punkti, qo‘shimcha qiymat yaratadigan qayta ishlash loyihalari uchun esa 6 foizlik punkti qoplab beriladi.
Avvalroq ayrim hududlarda bo‘sh yer va obyektlar past boshlang‘ich narxda sotuvga chiqarilishi haqida xabar berilgandi.
