Yer osti suvlarining surunkali kamayishi, suv resurslarining ruxsat etilgan me’yordan ortiq taqsimlanishi, yer va tuproq degradatsiyasi, o‘rmonlarning kesilishi hamda atrof-muhitning ifloslanishi sharoitida, BMT universiteti “global suv tanqisligi davri” boshlanganini e’lon qilgan hisobotni chop etdi.
Unda jahon yetakchilari ilmiy ma’lumotlarga tayanib, yangi voqelikka moslashishga chaqirilgan, deya xabar bermoqda EastFruit.
Hisobot mualliflari ta’kidlashicha, “suv tanqisligi” va “suv inqirozi” kabi atamalar endilikda dunyoning ko‘plab hududlarida ro‘y berayotgan vaziyatni to‘liq aks ettirmayapti. Bu yerda gap tabiiy suv resurslarining qaytarib bo‘lmaydigan tarzda yo‘qotilishi bilan xarakterlanadigan inqirozdan keyingi holat haqida bormoqda.
“Bu hisobot noqulay haqiqatni ochib beradi: ko‘plab hududlar o‘zlarining gidrologik imkoniyatlaridan tashqarida yashayotgani va ko‘plab asosiy suv tizimlari allaqachon inqirozga uchragani haqida”, — dedi hisobotning yetakchi muallifi, BMT universitetining Suv, atrof-muhit va salomatlik instituti direktori Kave Madani.
Ko‘pgina mamlakatlar nafaqat o‘zlarining suv resurslarini, jumladan daryo suvlari, tuproqdagi namlik va qor zaxiralarini sarflab bo‘ldilar, balki muzliklar va botqoqliklar kabi uzoq muddatli suv “zaxiralari"ni ham tugatib qo‘ydilar.
Bu bir qator jiddiy oqibatlarga olib keldi, jumladan, daryo deltalarida va qirg‘oq bo‘yidagi shaharlarda yerlarning cho‘kishi, ko‘llar va botqoqliklarning yo‘q bo‘lib ketishi, shuningdek, biologik xilma-xillikning qayta tiklanmaydigan darajada yo‘qolishi kuzatilmoqda.
Madanining ta’kidlashicha, har bir daryo havzasi va har bir mamlakat suv tanqisligi holatida bo‘lmasa-da, dunyodagi ko‘plab muhim suv tizimlari allaqachon bu chegarani bosib o‘tgan.
“Bu tizimlar savdo, migratsiya, iqlim o‘zgarishlari va geosiyosiy aloqalar orqali bir-biriga bog‘liq, shuning uchun global xavflar manzarasi endi tubdan o‘zgarib ketdi”, deya ta’kidladi u va bu sohada xalqaro hamkorlik nihoyatda zarur ekanligini alohida qayd etdi.
Ma’ruza mualliflari qayd etishicha, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada vaziyat nihoyatda og‘ir: suv resurslari tanqisligi, iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq zarbalar, qishloq xo‘jaligi unumdorligining pastligi va qum bo‘ronlari muammolarni yanada keskinlashtirmoqda.
Janubiy Osiyoning ayrim hududlarida esa yer osti suvlaridan haddan tashqari foydalanishga asoslangan qishloq xo‘jaligi hamda jadal urbanizatsiya oqibatida grunt suvlari sathi izchil pasayib, ayrim joylarda yer yuzasining cho‘kishi kuzatilmoqda.
AQSHning janubi-g‘arbida Kolorado daryosi suv resurslarining ortiqcha sarfi, iqlim o‘zgarishi va u keltirib chiqargan qurg‘oqchiliklar sabab yuzaga kelgan suv inqirozining ramziga aylangan.
“Suv bankrotligi” raqamlarda
Global ma’lumotlar va so‘nggi ilmiy tadqiqotlarga tayangan holda, hisobot inson faoliyati bilan bog‘liq og‘ir tendensiyalarni keltiradi:
- 1990-yillardan buyon dunyodagi yirik ko‘llarning 50%i ma’lum miqdorda suv yo‘qotgan;
- so‘nggi 50 yil ichida 410 mln gektar tabiiy botqoqliklar yo‘qolgan (bu hudud Yevropa Ittifoqi maydoniga teng);
- 1970-yildan beri muzliklarning global massasining 30% dan ortig‘i yo‘qolgan, past va o‘rta kengliklardagi ayrim tog‘ tizmalari yaqin o‘n yilliklarda muzliklardan butunlay mahrum bo‘lishi mumkin;
- o‘nlab yirik daryolar yilning ayrim davrlarida endi dengizga yetib bormaydi;
- 4 mlrd kishi yiliga kamida bir oy davomida keskin suv tanqisligini boshdan kechiradi;
- 3 mlrd kishi suv zaxiralari qisqarayotgan hududlarda yashaydi, aynan shu mintaqalarda dunyo oziq-ovqatining 50% dan ortig‘i yetishtiriladi;
- 2022−2023 yillarda 1,8 mlrd kishi qurg‘oqchilik sharoitida yashagan.
“Suv inqirozi” — bu global miqyosdagi hodisa, deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari. “Qishloq xo‘jaligi chuchuk suvning asosiy qismini iste’mol qiladi, oziq-ovqat tizimlari esa savdo va narxlar orqali o‘zaro chambarchas bog‘langan”, — deydi Madani.
“Bir mintaqada suv tanqisligi qishloq xo‘jaligini izdan chiqarsa, uning oqibatlari boshqa hududlarda ham seziladi — bu jahon bozorlari, siyosiy barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sir qiladi”, — deya qo‘shimcha qiladi u.
Hisobotda qayd etilishicha, suv inqirozi faqat gidrologik muammo emas. Bu — chuqur ijtimoiy va siyosiy oqibatlarga ega bo‘lgan adolat masalasi bo‘lib, davlat boshqaruvining eng yuqori darajasida e’tibor va ko‘p tomonlama hamkorlikni talab etadi.
“Biz yo‘qolgan muzliklarni qaytara olmaymiz. Ammo qolgan tabiiy boyliklarni asrab qolish va yangi sharoitlarga moslashgan institutlarni shakllantirish o‘z qo‘limizda”, — deydi Madani.
Avvalroq EastFruit suv tanqisligi 2030-yilga borib Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligiga tahdid solishi haqida yozgandi.
Sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlar suv isrofiga, balki tuproqning sho‘rlanishiga ham olib keladi, bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligining pasayishiga sabab bo‘ladi.
