Prezidentning Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan aeroportda loyihaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etish natijasida erishiladigan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.

Jumladan, 2030-yilga kelib aeroportda amalga oshirilayotgan parvozlar soni 2,3 barobarga oshirilib, yiliga 7 mingtaga yetkaziladi. Yo‘lovchi tashish hajmi yiliga 150 ming nafarga, yuk tashish hajmi esa 45 ming tonnaga yetkaziladi.

2026-yili BAA, Turkiya va Xitoydan pochta-kuryerlik va tijorat yuklarini yetkazib berish bo‘yicha aviaqatnovlar soni haftasiga 3 taga oshiriladi.

Aeroport hududida 2028-yil yakunigacha havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, taʼmirlash va bo‘yash bo‘yicha alohida markaz tashkil etiladi.

Talabdan kelib chiqib sig‘imi 10 ming tonnali rezervuarlar hamda 16 ming metr kvadratli yangi yuk terminali barpo qilinadi.

Navoiy xalqaro aeroporti korxonasi Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatining markazlashgan operativ boshqarish tizimidan ajratiladi. Uning faoliyatida loyihaviy boshqaruv tamoyillari joriy etiladi. Aeroport direktori etib aviatsiya menejmenti sohasida yetarli tajribaga ega bo‘lgan nomzod tayinlanadi.

Navoiy xalqaro aeroporti korxonasi ijro etuvchi organiga o‘z daromadlari hisobidan aviatsiya xizmatlari eksportini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha xizmatlar turlarini kengaytirish huquqi beriladi.

Shuningdek, havo kemalariga aviayonilg‘i quyish hamda xorijiy aviatashuvchilar tomonidan olib kelingan aviayonilg‘ini saqlash bo‘yicha jahon aviatsiya bozori konyunkturasiga mos tariflarni mustaqil ravishda belgilash vakolati beriladi.

Korxona 2029-yilgacha moliyaviy zarar ko‘rsa, ushbu mablag‘ Uzbekistan Airports‘ning davlat ulushi bo‘yicha byudjetga to‘lanadigan dividendlari hisobidan qoplab beriladi.

Havo kemalariga yerda xizmat ko‘rsatish, aeroport, tijorat va logistika xizmatlarini ko‘rsatishdan tushadigan barcha tushumlar korxonaning hisob raqamlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkaziladi. Navoiy xalqaro aeroporti hududida erkin iqtisodiy zona va “porto franko” rejimi asosida faoliyat yurituvchi erkin bojxona zonasi tashkil etiladi.

Shuningdek, xalqaro avtotransport vositalari uchun zamonaviy to‘xtash joyi va servis infratuzilmasi ham yaratiladi.

Navoiy xalqaro aeroporti korxonasi 2029-yil 1-yanvargacha havo kemalariga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus texnika va ularga texnik servis ko‘rsatish va taʼmirlash bilan bog‘liq ehtiyot qismlarni import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi.

Davaktiv tasarrufidagi aeroport hududida joylashgan Silk Road Palace mehmonxonasi korxona tasarrufiga o‘tkaziladi.

2-fevral kuni prezident Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishgandi. Yig‘ilishda havo porti hududida erkin bojxona zonasi paydo bo‘lishi, aeroportga 25 dan ortiq aviakompaniya jalb qilinishi aytilgandi.


Avvalroq Arnasoy aeroporti BAA investorlari ishtirokida $11 mln evaziga kengaytirilishi haqida xabar berilgandi.