Rossiya hukumati Telegramni sekinlashtirish bo‘yicha ishlarni boshlashga qaror qildi, deb yozadi RBC nashri o‘z manbalariga tayanib.
Tegishli idoralardagi ikki manbaga ko‘ra, Roskomnadzor 10-fevral, seshanba kuni xizmat faoliyatini qisman cheklash bo‘yicha choralar ko‘rishni boshlashni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, RBC nashrining yana bir manbasi qo‘shimcha qilishicha, Telegramni sekinlashtirish choralari allaqachon ko‘rilmoqda.
Kod Durova so‘nggi 24 soat ichida medialarning sekin yuklanishi va kanallardagi postlarni qidirishda qiyinchiliklar yuzaga kelganini tasdiqladi. Bu muammoga ham o‘quvchilar, ham muharrirlar duch kelishdi.
Messenjerning ishlashidagi yomonlashuvni onlayn xizmatlar nosozliklarini kuzatib boruvchi saytlarning ma’lumotlari ham ko‘rsatmoqda.

Kod Durova muharriri xorijiy IP-manzildan hech qanday muammo kuzatilmayotganiga ishonch hosil qildi.
Roskomnadzor Rossiyada Telegram faoliyatiga cheklov qo‘yilganini tasdiqladi. Ta’kidlanishicha, davlat pozitsiyasi o‘zgarmagan. Roskomnadzor Rossiya qonunchiligi talablarini bajarmagani sababli Telegram’ni bloklashni davom ettiradi.
Roskomnadzor tomonidan Telegramga nisbatan izchil cheklovlar uzoq vaqtdan beri joriy etib kelinmoqda. Xususan, 2025-yil oktabr oyida Rossiyada yangi foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish cheklandi (SMS xabarlar kelishi to‘xtatildi), avgust oyida esa internet orqali qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati bloklandi.
Avvalroq WhatsApp Rossiyada 2026-yilda to‘liq bloklanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Davlat dumasi deputati Andrey Svinsovning qayd etishicha, Roskomnadzor joriy yil oxirigacha mamlakatda xizmat faoliyatini uzil-kesil cheklaydi.
