Chinorkent-Yusufxona-Chimyon-Amirsoy yo‘nalishida yangi yo‘lovchi tashish tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, shu maqsadda 20 dona Ford mikroavtobusi xarid qilingan.
Vazirlikka ko‘ra, ushbu mikroavtobuslar tog‘li hududlarga qatnovda xavfsizlik va qulaylik bo‘yicha maqbul transport vositasi sifatida tanlandi.



Yangi transport vositalari hudud aholisi hamda Chinorkent, Chimyon va Amirsoyga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun xizmat ko‘rsatadi.
“Mazkur loyiha viloyatda ekoturizmni rivojlantirish va hududlar o‘rtasidagi transport bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qiladi”, — deyiladi Transport vazirligi xabarida.
2025-yilning sentabrida Toshkent-Chinorkent elektropoyezdining chipta narxlari oshirilgandi.
Spot, avvalroq, 23-fevraldan Toshkentdan Sankt-Peterburgga avtobuslar qatnovi boshlanishi haqida yozgandi.



