Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va 2026-yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilish avvalida Andijon — aholisi eng zich joylashgan hudud ekan, viloyatda 3,5 mlndan ortiq aholi istiqomat qilishi, har yili 80 mingga yaqin tug‘ilish qayd etilayotgani taʼkidlandi.

Yer resurslari cheklangan sharoitda har bir gektar yer, har bir loyiha hamda har bir investitsiya yuqori qo‘shilgan qiymat va barqaror ish o‘rni yaratishi shartligi aytildi. Bu viloyat rahbariyati oldidagi eng asosiy vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot 107,7 trln so‘mni tashkil etib, 6,8%ga oshdi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda 7,2%, xizmatlar hajmida 15,%, qishloq xo‘jaligida 4,7% o‘sish qayd etildi.

Joriy yilda iqtisodiyot va sanoatni 8%ga, xizmatlarni 16,3%ga, qishloq xo‘jaligini 5,9%ga oshirish maqsad qilingan. Xorijiy investitsiyalarni 2025-yildagi $2,5 mlrddan 2026-yilda $3,5 mlrdga, eksportni $1,3 mlrddan $1,5 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan.

2025-yilda 383 ming aholining bandligi taʼminlangan bo‘lsa, 2026-yilda 489,5 ming aholining bandligini taʼminlash, ishsizlikni 3,6%ga, kambag‘allikni 2,4%ga tushirish muhimligi taʼkidlandi.

Asaka, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Shahrixon tumanlari hamda Andijon shahrini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. “Og‘ir” toifadagi Bo‘ston, Paxtaobod va Ulug‘nor tumanlarida kambag‘allikni kamida ikki barobar qisqartirish belgilandi.

Joriy yilda viloyatda $798 mlnlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgani taʼkidlandi.

Jumladan, Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida charm-poyabzal, qurilish materiallari hamda dastgohlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta mikrosanoat markazi tashkil etiladi. 110 ta qishloq hamda 26 ta chegaraoldi va olis mahallalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kichik sovitkichli omborlar tashkil qilish va mikrosanoat loyihalari amalga oshiriladi.

Andijon tumanidagi Ipak yo‘li erkin iqtisodiy zonasida 100 gektardan ortiq yer maydoni bo‘sh turibdi. Yer resurslari cheklangan sharoitda tayyor infratuzilmasi bor maydonlarda yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalarni joylashtirish, minglab ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatidan to‘liq foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy yilda paxtachilikda hosildorlikni oshirish maqsadida xorijiy navlar joylashtiriladigan 76×10 sxemasi asosida ekiladigan paxta maydonlarini kengaytirish, 472 dona yangi texnika xarid qilish rejalashtirilgan. 2 ming gektar kam samarali eski bog‘lar intensiv bog‘larga aylantiriladi, 6,8 ming gektar yer foydalanishga qayta kiritiladi.

Yangi tajriba sifatida Oltinko‘lda gulchilik, Izboskanda ko‘chatchilik, Asakada issiqxonachilik, Qo‘rg‘ontepada sabzavotchilik, Buloqboshida uzumchilik bo‘yicha tomorqa maktablari tashkil etiladi.

2025-yilda viloyatga 460 ming xorijiy va 1,8 mln mahalliy turist kelgan. Joriy yilda xorijiy turistlar sonini 700 mingga, mahalliy sayyohlarni esa 2,5 mlnga yetkazish maqsad qilingan.

Shu maqsadda Buloqboshidagi Shirmonbuloq, Xo‘jaoboddagi Imom ota va Xonoboddagi turizm markazlarini rivojlantirish uchun alohida direksiya ochiladi. Tuman va shahar markazlaridagi 91 ta mahallani bog‘lovchi gavjum ko‘chalarda savdo, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi.

Andijonda uy-joy masalasi boshqa hududlarga nisbatan ancha dolzarb. Joriy yilda viloyatdagi Yangi O‘zbekiston massivlarida 54 ta, boshqa hududlarda esa 158 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi kutilmoqda.

Qurilishga tayyor yer tizimini joriy etish orqali loyihalarni boshlash muddatini 120 kundan 30 kungacha qisqartirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Jalaquduqda ushbu yangi tizim asosida zamonaviy uy-joylar qurish bo‘yicha tajriba boshlanadi.

Viloyatda 11 ta OTM faoliyat yuritmoqda, 94 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 56 ta texnikumda 46 ming nafar o‘quvchi kasblarga o‘rgatilmoqda. Oliygohlardagi ilmiy salohiyatni oshirish, dual taʼlim qamrovini kengaytirish choralari belgilab olindi.

Tibbiyot texnikumlariga til o‘rgatish bo‘yicha xususiy taʼlim tashkilotlarini jalb qilib, yiliga 4 mingdan ziyod yoshlarning Yevropa davlatlariga ishlashga borishiga ko‘maklashish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ijtimoiy reyestrga kirmagan oilalarning iqtidorli farzandlariga ham sport, madaniyat va sanʼat sohasidagi tashabbuslari uchun Yoshlar daftari jamg‘armasidan 41 mln so‘mgacha subsidiya berish taklif qilindi. Prezident ushbu tartibni Andijon viloyatidan boshlashni topshirdi.

Davlat rahbari yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosi Andijon aholisi hayotida aniq va sezilarli natija berishi shartligini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Avvalroq O‘zbekiston davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozor nazoratiga o‘tishi haqida xabar berilgandi.