Yanvar oyida Toshkent shahrida avtobuslarda chiptasiz yurgan 11,5 mingdan oshrtiq yo‘lovchi jarimaga tortildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi nazoratchilari yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga qarshi reyd o‘tkazmoqda.



2026-yilning yanvar oyida chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ining 144-moddasi 5-qismiga (Transportda chiptasiz yurish) asosan ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
O‘tgan yilning 11 oyi davomida 19 632 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarning har biri BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.
2025-yildan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatildi. Hozirda to‘lovlar faqat elektron qabul qilinmoqda. Mart oyida poytaxtda avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanila boshlandi. Mart-sentabr oylarida 6182 nafar qoidabuzarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
1−10-dekabr kunlari chiptasiz yurgan 3 mingga yaqin yo‘lovchi jarimaga tortilgan edi.
Avvalroq Termizdagi avtobuslarda naqd pulda to‘lov qilish to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.



