Toshkent shahridagi yana ikkita bozorda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, tadbirkorlar faoliyatida kamchiliklar aniqlandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, poytaxt soliq boshqarmasi hamda tuman soliq inspeksiyasi, tuman hokimligining mas’ul rahbar va xodimlari ishtirokida Uchtepa tumanidagi Farhod dehqon bozorida tadbirkorlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Savdo faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, savdo tushumlarini to‘liq aks ettirish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish, nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish hamda elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirish yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.
15-fevral holatiga ko‘ra, xatlov natijasida 4 nafar tadbirkor ONKM (onlayn nazorat-kassa mashinasi) o‘rnatmagani, 2 nafarida to‘lov terminali yo‘qligi, 3 nafarida 2D skaner mavjud emasligi hamda 16 nafarida QR-kod o‘rnatilmagani aniqlandi.




Shu bilan birga, 19 nafar tadbirkor ijara shartnomasi tuzmagani va 13 nafar norasmiy ishchi faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi. Qo‘mita mazkur kamchiliklar to‘liq bartaraf etilganini bildirdi.
Ishchi guruh tomonidan 15-fevral kuni Farhod dehqon bozoridagi 15 ta savdo shoxobchasi va 248 ta rastada xatlov tadbiri o‘tkazildi.
Shayxontohur tumanidagi Eski Juva (Chorsu) dehqon bozorida ham shahar soliq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari va tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i hamda mas’ul xodimlar tomonidan kunlik targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Bozorda o‘tkazilgan xatlovlarda 391 nafar tadbirkorga tushuntirish berilib, Paynet’ning Xolis xizmatiga ulanmagan 221 nafar YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga ilova o‘rnatildi.
23 ta rastada davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan jismoniy shaxslar aniqlanib, 6 tasining faoliyati bartaraf etildi. Ijarasiz va ONKMsiz ishlayotgan 20 ta subyekt, davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa-da ONKM o‘rnatmagan 9 nafar tadbirkor aniqlandi.




Shuningdek, 9 ta holatda do‘kon tashqarisida noqonuniy savdo qayd etildi, 12 nafar tadbirkordan 510,06 mln so‘mlik savdo tushumiga ONKM cheklari urdirildi, 40 ta xo‘jalik yurituvchida 92 nafar ishchi xodimlarning norasmiy faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi. Ishchi guruh tomonidan xatlov jarayonlari davom etmoqda.
O‘tgan haftada Malika savdo majmuasida tekshiruvlar o‘tkazilib, 117 nafar shaxsning faoliyati legallashtirildi. O‘rganishlarda 129 ta yuridik shaxs va 267 nafar YTT faoliyati ko‘rib chiqildi.
Yashirin iqtisodiyot
Yanvar oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda soliq idoralarining yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasidagi ishi “mutlaqo qoniqarsiz” deya baholandi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ba‘zi boshliqlar daromadni oshirish o‘rniga “tadbirkorlar"ga “homiylik” qilgan.
Prezident Chorsu bozori va Malika savdo majmuasida to‘lov intizomini yo‘lga qo‘ymagan Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi faoliyatidagi kamchiliklarga alohida to‘xtalgandi.
Malika‘dagi 1,5 mingga yaqin tadbirkorning faqatgina har to‘rtinchisi rasman ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 25%i oyiga 1 mln so‘mdan kam soliq to‘laydi. Dekabr oyida bozordagi savdogarlar bank kartalari orqali 600 mlrd so‘mga yaqin aylanmani yashirishgan.
Davlat rahbari Soliq qo‘mitasi raisiga Shayxontohur soliq inspeksiyasi boshlig‘i Hojiakbar Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimjonovni lavozimidan ozod etish, ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha topshiriq berdi. Poytaxtning boshqa tumanlaridagi soliq inspeksiyalari boshliqlari vazifasini bajaruvchi maqomida ishlashda davom etadi.
Avvalroq soliq organlari fuqarolarning 29 ta xorijiy onlayn servisga to‘lovlari bo‘yicha banklardan ma’lumot so‘ragani haqida xabar berilgandi.








