Raqobat qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlari hamda hududlardagi savdo komplekslarini Ramazon oyi arafasida ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta‘minlash bo‘yicha ogohlantirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, Ramazon oyida talab keskin oshishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar narxlarini nazorat qilish yuzasidan chakana savdo tarmoqlari hamda savdo komplekslariga yetkazib beruvchi korxonalarga tegishli ko‘rsatmalar yuborilgan.

Xususan, narxlarni o‘zgartirish, logistika xarajatlari oshishi yoki boshqa omillar sabab narxlar ko‘tarilishi ehtimoli yuzaga kelgan taqdirda, bu haqda qo‘mitani tezkor xabardor qilish belgilangan.

Shuningdek, yetkazib beruvchilar tomonidan asossiz narx oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirishlar berib borish vazifasi yuklatilgan.

Qo‘mita ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta‘minlash bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida zarur choralar ko‘rib borilishini ta‘kidladi.

13-fevral kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari Ramazon oyida dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha topshiriq bergandi.

“Muqaddas kunlarda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta‘minlash har qachongidan ham muhim”, — degan edi prezident.


Avvalroq yanvar oyida oylik inflyatsiya 0,7%gacha pasaygani haqida xabar berilgandi.