Ijtimoiy tarmoqlarda Mobiuz mobil aloqa operatori kiberhujumga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Kompaniya holat yuzasidan rasmiy izoh berib, kiberhujum amalga oshirilganini tasdiqladi.

Unga ko‘ra, fevral oyida xavfsizlik tizimlari monitoringi davomida kompaniyaning asosiy tizimlarga ulanmagan sinov serverlaridan biriga ruxsatsiz kirish aniqlangan. Server qo‘shimcha izolyatsiya qilinib, bu hodisani chegaralash imkonini bergan.

Abonentlar haqidagi ma’lumotlar, ularning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari saqlanadigan tizimlar to‘liq himoyalangan hududda joylashgan. “U yerga hech qanday kirish izlari topilmadi. Xizmatlar faoliyati buzilmagan, mijozlarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqmagan”, — deyiladi xabarda.

Hozirda kompaniya mas’ul organlar bilan hamkorlikda hodisani batafsil tekshirishni davom ettirmoqda va axborot tizimlari himoyasini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirmoqda.

Spot tanishib chiqqan, anonim forumdagi Mobiuz axborot tizimiga uyushtirilgan kiberhujum haqidagi ma’lumotda muallif 280 ta kompyuterdan iborat korporativ tarmoq “to‘liq obro‘sizlantirilganini” ta’kidlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tizimdagi zaifliklar go‘yoki kompaniya domeni, billing xizmatlari, MyID yuzni aniqlash tizimi, pochta serverlari va SMS-shlyuzlarni nazorat qilish imkonini bergan.

Shuningdek, xaker o‘z ixtiyorida kompaniyaga tegishli 8 ta ma’lumotlar bazasi borligini bildirgan. Ular qatoriga Mobiuz’ning 3 ming nafar xodimiga oid shaxsiy ma’lumotlar, abonentlarning ro‘yxatga olish ma’lumotlari, korporativ mijozlar hujjatlari hamda 1S tizimidagi moliyaviy ma’lumotlar kirishi aytilgan.

Xaker kompaniyadan “35 ming E” miqdorida dastlabki to‘lov olganini ma’lum qilgan, biroq valyutani aniqlashtirmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, operator ma’lumotlar sizib chiqishi ko‘lami va javobgarlik masalasini baholash uchun qo‘shimcha vaqt so‘ragan.

Mobiuz aloqa operatorining qayd etishicha, 2025-yilda kompaniya mutaxassislari tomonidan 10 mingdan ortiq turli darajadagi DDoS-hujumlar, shu jumladan 180 dan ortiq jiddiy hujumlar muvaffaqiyatli qaytarilgan. 68 mingdan ortiq fishing havolalari va firibgarlik saytlari bloklanib, tarmoq infratuzilmasiga ruxsatsiz kirishga bo‘lgan 3 ta urinishning oldi to‘liq olingan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston davlat idoralariga qilingan kiberhujum natijasida 15 mln fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari tarqalmagani tasdiqlangani haqida yozgandi.