Markaziy bank Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida yanvar oyi bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
O‘tgan oyda umumiy inflyatsiya yillik 7,2% ni tashkil etdi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhi inflyatsiyalari mos ravishda 5,5 va 5,2% ga, xizmatlar inflyatsiyasi esa 13,5% ga teng bo‘ldi.
Iste’mol savatidagi umumiy 167 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 147 tasi (88%i) ning yillik narxi 10% dan kamroqqa oshdi. Limon eng qimmatlashgan (+90,8%) mahsulot sifatida yetakchilikni saqlab qoldi.
Shu bilan birga, yanvarda karam (+27,9%), qo‘y go‘shti (+27,2%), suyaksiz mol go‘shti (+25%) hamda suyaklisi (+23,8%) ning yillik narxi oshdi. Bular qatorida mandarin (+19,3%), bodring (+18,4%), mol va qo‘y jigari (+17,6%) hamda qiyma (+17,4%) bor.
Navbatdagi mahsulotlar narxlari esa arzonlashgan: qovoq 57,9% ga, baqlajon — 30,5%, tarvuz — 27,9%, shaftoli — 24,5% va sarimsoq — 21,1%.
Bundan tashqari, iste’mol savatidagi 252 ta nooziq-ovqat mahsulotlaridan 92% ining (232 tasi) yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi.
Eng ko‘p nikoh uzugi qimmatlashgan (+32,6%) bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda metan (+30,2%), gazeta (+17,5%), propan (+12,3%), sement (+12,2%) hamda sigaret (+8,1%) narxi yuqori bo‘ldi.
Arzonlashgan mahsulotlar qatorida yirik oshxona priborlari (-2,9%), kichik maishiy jihozlar (-1%), A4 qog‘oz hamda ichimlik tayyorlovchi kichik priborlar (har biri -0,9% dan) bor.
Yengil avtomobillarning yillik narxi o‘zgarishsiz qolmoqda. Biroq ayollar pidjaklari (+0,8) hamda mix va shurplar (+0,9%) narxi biroz ko‘tarilgan.
Bundan tashqari, 98 turdagi xizmatlardan 66 tasi yoki 67% ida yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi. Ulardan shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash (+281,8%) xizmati eng ko‘p qimmatlashdi. Trolleybusdagi yo‘l haqi ham sezilarli — 100% ga oshgan.
Keyingi o‘rinlarda ichki aviaqatnovlar (+55,9%), haydovchilik kurslari (+48,5%), tarmoq gaz (+39,2%), sovuq suv va kanalizatsiya (+35,1%) hamda muzey xizmatlari (+32,7%) yuqori oshdi.
Shu bilan birga, yuqori narxlar chiqindi tashish (+26,9%), suyultirilgan gaz (+25%) teatr (+24%) va tramvay yo‘l haqida (+23,3) ham kuzatildi.
Pul o‘tkazmalari uchun haq (-7,5%), xususiy OTMda o‘qish (-0,5%) hamda mikromoliyaviy xizmatlar (-0,2%) narxlari yillik hisobda arzonlashdi. Metroda chipta haqi, turg‘un aloqa xizmati, mobil internet, davlat bog‘chalari, davlat OTMlarida o‘qish va bank kreditlarini sug‘urtalash xizmatlari narxi o‘zgarishsiz qoldi.
Xalqaro yo‘lovchi havo tashuvi (+0,8%), hayvonot bog‘i (+1%), kvartira ijarasi (+2,2%) va konsert zal xizmatlari (+2,7%) biroz qimmatlashgan.
O‘tgan hafta o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident go‘sht importiga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilishni topshirdi. Joriy yilda qo‘shimcha 60 ming gektarda ozuqa ekinlarini yetishtirish, Mo‘g‘ulistondan qo‘y va echki importini davom ettirish hamda 4,5 mln tonna kartoshka hosilini olish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Spot nima uchun O‘zbekistonda OSAGO 2026-yildan deyarli to‘rt baravarga qimmatlagani haqida yozgandi. Toshkent shahrida polis narxi 192 ming so‘mga, viloyatlarda esa 160 ming so‘mga yetdi.
