O‘zbekistonda Magnus Fusion 212 samolyotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Vengriyaning Magnus Aircraft Zrt. kompaniyasi bosh ijrochi direktori Laszlo Boros bilan uchrashdi.

Unda kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan Magnus Fusion 212 samolyotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyatini muhokama qilindi.

Jasurbek Choriyev o‘tgan yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan DXSH bo‘yicha uchinchi davra suhbati doirasida O‘zbekistonda samolyot ishlab chiqarish rejalari borligini ma‘lum qilgandi.

Uning aytishicha, hozircha samolyotlar import qilinadi va ularning qimmatligi sababli QQS hamda bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan. Vazir o‘rinbosari bu yo‘nalishda ishni nimadandir boshlash zarurligini ta‘kidlagandi.

Foto: Transport vazirligiTransport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev (chapda) va Magnus Aircraft Zrt. kompaniyasi bosh ijrochi direktori Laszlo Boros (o‘ngda)Foto: Transport vazirligi
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev (chapda) va Magnus Aircraft Zrt. kompaniyasi bosh ijrochi direktori Laszlo Boros (o‘ngda)

O‘zbekistonda samolyotsozlik

2014-yilgacha O‘zbekistonda 1941-yilda Moskva yaqinidagi Ximki shahridan ko‘chib o‘tgandan so‘ng tashkil etilgan Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi faoliyat yuritgan. Asosiy faoliyat turi — samolyotlarga ehtiyot qismlar ishlab chiqarish hamda Il-76 va Il-114 samolyotlari va ularning modifikatsiyalarini parvozga yaroqliligini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.

Oxirgi samolyotni korxona 2012-yilning yozida ishlab chiqargan. Hozir TAPOiChning asosiy hududida Toshkent mexanika zavodi joylashgan.

2020-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning o‘sha paytdagi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan muzokaralarda TAPOiCh samolyotsozlik zavodi taqdiri muhokama qilinganini aytgandi.

“Bugun rossiyalik hamkorlarimiz bilan TAPOiCh taqdiri, TAPOiCh kelajagi haqida gaplashdik. Asta-sekin sirlarni ocha boshlayman, chunki ichimda ham alam bor. Dunyoda samolyot ishlab chiqaradigan sanoqli davlatlar bo‘lgan. Afsuski, biz buni o‘z qo‘limiz bilan yo‘q qildik. Lekin biz baribir uni tiklash uchun juda ko‘p sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqdamiz”, — dedi prezident (Gazeta'dan iqtibos).

2025-yilning aprel oyida Navoiy erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi va Birinchi tajriba-konstruktorlik byurosi — Rossiyaning SP-30 samolyotini ishlab chiquvchisi va ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston hududida SP-30 ikki o‘rinli to‘liq metalli samolyot loyihasining boshqariladigan va og‘ir uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishni joylashtirish to‘g‘risida memorandum imzoladi.

Navoiy EIZ direktori Habib Abdullayevning ma’lum qilishicha, loyihaning umumiy qiymati uch yil ichida $30 mlnga baholanmoqda. Birinchi samolyotni shu yilning oktabr oyida, uchinchi yili esa 100 tagacha mashina ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi. Loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston milliy aviatsiya qonunchiligini liberallashtirish niyatida.

Maʼlumot uchun, Magnus Aircraft Zrt. — kompozit materiallardan innovatsion samolyotlarni loyihalash, ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanuvchi Vengriyaning xalqaro kompaniyasi hisoblanadi.

Kompaniya bosh qarorgohi Vengriyaning Pogani shahrida, Pech-Pogani xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan bo‘lib, qariyb 8000 kvadrat metr maydonni egallaydi.

Magnus guruhining vakillari AQSH, Xitoy, Keniya, Nigeriya, Serbiya va Yaqin Sharq mamlakatlarida faoliyat olib boradi.


Avvalroq Navoiy xalqaro aeroportida loyihaviy boshqaruv joriy etilishi haqida xabar berilgandi.