Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani markazida ko‘cha bo‘yida joylashgan tadbirkorlar do‘konlari buzilayotgani va ularga kompensatsiya to‘lanmayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan Biznes-ombudsman munosabat bildirdi. Tashkilot Konstitutsiya ning 65-moddasiga ko‘ra, xususiy mulk daxlsiz ekanini eslatdi.
Mulkdor o‘z mol-mulkidan faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va sud qarori asosida mahrum etilishi mumkin.
Shuningdek, davlat organi qarori bilan mulk huquqi faqat belgilangan tartibda bekor qilinishi, yer uchastkasi yoki undagi uy, imorat va inshootlar olib qo‘yilganda esa mulkdorga teng qiymatdagi mol-mulk berilishi yoki yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishi shartligi qayd etildi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur holat Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olingan.
Qonunbuzilish holatlari aniqlansa, mansabdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda taʼsir choralari ko‘riladi.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda Biznes-ombudsman aralashuvi bilan tadbirkorga nisbatan qo‘llangan jarima bekor qilingandi.
