Avvalroq 18-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev AQSH biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani hamda bir qator investitsiya loyihalari bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzolangani haqida xabar berilgandi.

Amerikaning Gulf kompaniyasi vitse-prezidenti Kreyg Kramer yig‘ilishda yaqin ikki yil ichida Amerika standartidagi kamida 100 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalarini ochish rejalari haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shoxobchalar g‘arb standartlari asosida, yuqori sifatli yoqilg‘i bilan ta’minlangan holda barpo etiladi. Bu haqda O‘zbekiston 24 lavhasida so‘z boradi.

“Shu davr mobaynida biz chakana savdo aktivlariga kamida $150 mln sarmoya kiritamiz. Buning uchun moliyalashtirish to‘liq ta’minlangan. Har bir obyekt hajmi va dizayni jihatidan zamonaviy va o‘ziga xos bo‘ladi”, — dedi u.

Bundan tashqari, Gulf Oil avtomobil magistrallarida sayohatchilar va tranzit tashuvchilar uchun transport markazlarini qurishni rejalashtirmoqda. Natijada har bir obyektda kamida 30 tadan yangi ish o‘rni yaratilib, ularning soni jami 3 mingtaga yetkaziladi.

energetika, gulf oil, prezident, zapravka, aqsh, yoqilg'i quyish shoxobchalari, aviatsiya

Kreyg Kramer qisqa vaqt ichida O‘zbekistonning barcha viloyat hokimlaridan mamlakat bo‘ylab qariyb 200 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalarini rivojlantirish yuzasidan aniq takliflar olinganini qayd etdi.

“Biz mazkur sohada eng ilg‘or texnologiyalarni joriy etyapmiz. Jumladan, chakana va korporativ mijozlar uchun zamonaviy qulayliklarni taqdim etadigan mexanizmlar yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi u.

Taqdimotga ko‘ra, 2025-yil iyul oyida qo‘shma korxona tashkil etilgan, noyabr oyida 6 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi xarid qilingan. Loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari joriy yilning mart va avgust oylariga mo‘ljallangan. Loyiha ishtirokchilari O‘zbekneftgaz va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hisoblanadi.

Shuningdek, Gulf Oil Gulf Aviation bo‘linmasi orqali aviatsiya sohasiga $50 mln sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Kompaniya bu mamlakatda aviatsiya tarmog‘ini “xavfsiz va barqaror” yoqilg‘i ta’minoti bilan qo‘llab-quvvatlash imkonini berishini, mahalliy va xalqaro aviakompaniyalar uchun ishonchli yetkazib berish tizimini yaratishini kutmoqda.

Bundan tashqari, Gulf kompaniyasining butun Markaziy Osiyo bo‘yicha operatsion bazasi Toshkentda joylashtiriladi.

“Bu kompaniya uchun O‘zbekistonda mintaqaviy logistika va chakana savdo infratuzilmasining markaziga aylanish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir”, — deya ta’kidladi Kreyg Kramer.

Prezident huzurida energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov va Gulf vitse-prezidenti Kreyg Kramer yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish bo‘yicha kelishuvni imzoladi.

O‘tgan yilning kuzida O‘zbekneftgaz va Gulf Oil o‘rtasida mamlakat bo‘ylab yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurishni nazarda tutuvchi $100 mlnlik memorandum imzolangandi. Barcha hududlarda 100 tagacha shoxobchani tashkil etish loyihasi xorijiy ta’sischi tomonidan to‘liq amalga oshiriladi.

Yoqilg‘i umumiy belgilangan qoidalar bo‘yicha Tovar-xom ashyo birjasida xarid qilinishi hamda import bo‘yicha mustaqil ravishda olib kelinishi rejalashtirilgan edi. Energetika vazirligib O‘zbekneftgaz'dan alohida imtiyozlar yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishlar bo‘lmasligini bildirgan.

Avvalroq Spot Centrum Air IPO‘ga tayyorgarlik ko‘rayotgani va $2 mlrd baholash bilan $600 mln jalb qilishni kutayotgani haqida yozgandi.