Toshkentda ochiq olovda taom tayyorlaydigan umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatini tartibga solish bo‘yicha ishlar davom etmoqda, deb xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, belgilangan talablarga rioya qilsamdan faoliyat yuritayotgan somsa, kabob, mangal va boshqa do‘konlarga nisbatan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tekshiruvlarda chiqindilarni tozalash bo‘yicha muhandislik yechimlariga ega bo‘lmagan holda piyodalar hududlarida va turar-joy binolari yaqinida tandir, pech va mangallarni joylashtirayotgan obyektlar aniqlanmoqda.
Bunday nuqtalar faoliyati esa qonun hujjatlari talablariga to‘liq muvofiq holga keltirilgungacha to‘xtatib turilishi qayd etildi.
“Ma‘lumki, tozalash va tutun chiqarish tizimlarisiz ishlash aholi salomatligiga xavf tug‘diradi, shahar muhiti sifatini yomonlashtiradi va fuqarolarning asosli e‘tirozlariga sabab bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Hokimlik tadbirkorlarga qisqa muddatda faoliyatni qonuniylashtirish, sanitariya talablariga rioya qilish, filtrlar va samarali tutun chiqarish tizimlarini o‘rnatish, texnologik jarayonlarni ekologik me‘yorlarga muvofiqlashtirishni tavsiya qildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, nazorat tadbirlari davom ettirilib, qoidabuzarliklar aniqlansa choralar ko‘riladi.
Fuqarolar shikoyat yoki murojaatlarni poytaxt sanitariya-epidemiologiya xizmati boshqarmasining 71 248−12−43 ishonch telefoni yoki Telegram‘dagi @sanepidmurojaatbot orqali jo‘natishlari mumkin.
Tuman bo‘limlarining ishonch telefonlari:
- Bektemir — 71 295−02−50
- Yakkasaroy — 71 254−64−26
- Mirobod — 71 283−36−21
- Yunusobod — 71 221−77−40
- Yashnobod — 71 289−77−31
- Olmazor — 71 246−62−17
- Shayxontohur — 71 244−21−84
- Mirzo Ulug‘bek — 71 269−75−25
- Sergeli — 71 258−33−80
- Uchtepa — 71 217−22−85
- Chilonzor — 71 278−50−78
- Yangihayot — 55 517−17−15
Avvalroq Aviatordagi yong‘indan so‘ng savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida nazorat kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi.
