Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzoladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, memorandum korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni mustahkamlash, soliq organlari faoliyatining shaffofligini oshirish hamda ichki nazorat mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.

Hujjat soliq organlari tizimida korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va profilaktik mexanizmlarni joriy etishga yo‘naltirilgan professional model shakllantirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni keng qo‘llash, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlik siyosatini izchil rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, Soliq qo‘mitasi raisi taklifi bilan davlat soliq xizmati har bir xodimining daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi ishlab chiqilgani qayd etildi. Tadbir doirasida mazkur platforma taqdimoti o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, ayni paytda Navoiy va Chirchiq shaharlarida daromadlarni deklaratsiya qilish mexanizmini joriy etish bo‘yicha eksperiment sinov tariqasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha yakunlariga ko‘ra, ushbu tizim bosqichma-bosqich butun respublika bo‘ylab joriy etiladi.

O‘tgan yilning dekabrida imzolangan prezident farmoni bilan 2026-yil 1-martdan boshlab soliq xodimlari hamda Navoiy va Chirchiqda yashovchi jismoniy shaxslar uchun yillik daromad deklaratsiyasini topshirish sinov tarzida joriy etiladi.


Avvalroq Toshkentda soliq idoralari rahbarlari ishdan olingani, ulardan biriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.