Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi ABMNB kompaniyalar guruhiga (Bon!, Pizzeria Bella Napoli, Afsona, The Irish Pub brendlari) kredit ajratadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Bank ajratadigan kredit miqdori 6 mln yevrogacha bo‘lib, guruhning kengayishi bilan bog‘liq kapital xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Mablag‘lar maxsus oziq-ovqat ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish va yangi ishlab chiqarish hamda omborxona majmuasini qurish uchun ishlatiladi.

Bu esa markazlashgan oziq-ovqat ishlab chiqarish quvvatlarini ikki baravar oshirish imkonini beradi.

Ushbu sarmoya guruhning umumiy samaradorligini oshirishga va import mahsulotlari o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga yordam beradi.

Hamda ABMNB’ning asosiy oziq-ovqat ishlab chiqarish jarayonlarini mahalliylashtirishning rejalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Kengayishni qo‘llab-quvvatlash YTTBning Iqlim o‘zgarishiga qarshi moliya va texnologiyalarni uzatish markazi (FINTECC) dasturi orqali taqdim etiladigan 70 ming yevrogacha bo‘lgan aralash imtiyozli moliyalashtirish ko‘rinishida amalga oshiriladi.

Dastur ekologik toza texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish uchun moliyaviy imtiyozlar beradi.

ABNMB guruhi FINTECC mablag‘larini energiya tejamkor uskunalar va izolyatsiya materiallarini sotib olish hamda quyosh panellarini o‘rnatish uchun ishlatishni rejalashtirmoqda.


Avvalroq Spot Bon! Qozog‘istonda o‘zining birinchi filialini ochgani haqida yozgandi.

Tarmoqning birinchi filiali Chimkentda ochilgan bo‘lib, yaqin 3−4 yil ichida mamlakatda jami 30 ga yaqin filial ochish rejalashtirilmoqda.