Davlat budjetini tuzish va ijro etish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi. Bu bo‘yicha tegishli buyruq Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjat bilan ilk bor byudjet sohasidagi normativ-huquqiy hujjatga genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish va “yashil” budjetlashtirish tushunchalari kiritildi.
Hujjatga ko‘ra, har yili kelgusi moliya yili uchun budjet prognozi va keyingi ikki yilga mo‘ljallarni belgilash maqsadida ishlab chiqiladigan fiskal strategiya hamda budjetnomada “yashil” va genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish bo‘yicha erishilgan natijalar aks ettirilishi kerak.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan islohotlar haqida tahliliy maʼlumotlar ham kiritilishi lozim.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan ishlab chiqiladigan rivojlantirish dasturida ular faoliyatining barcha sohalari qamrab olinishi kerak.
Dasturda rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari aniq belgilab qo‘yilishi lozim.
Shuningdek, ko‘rsatkichlar sifat va miqdor jihatidan o‘lchanadigan bo‘lishi talab etiladi.
Bundan tashqari, ayollar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratish hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari inobatga olinishi shart.
Avvalroq davlat budjeti daromadlari prognozini shakllantirish va tasdiqlash mexanizmi belgilangandi. Prognozlar Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
