O‘zbekistonning 661 mingdan ziyod fuqarosi kriptoplatformalarda ro‘yxatdan o‘tdi, deb xabar berdi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati.
Mamlakatda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida 21 ta xizmat provayderi faoliyat yuritadi: ularning 12 tasi — kripto-do‘kon, 6 tasi — kripto-depozitariy va 3 tasi — kripto-birja. Kripto sohasida jami 207 ta ish o‘rni yaratilgan.
Xizmat provayderlari shu vaqtga qadar 663 691 nafar mijozni ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lib, ularning 661 850 nafari rezidentlardir.
2022−2025-yillar oralig‘ida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar 107 mlrd so‘mdan ortiq to‘lov qildi. Shundan 79 mlrd so‘mni davlat boji, 28 mlrd so‘mni esa oylik yig‘imlar tashkil etdi.
Ikki emitent — Humo Digital (ta‘minlangan token) va Lockton Hub — 21 mlndan ortiq token chiqardi: ularning 16,97 mln donasi ta‘minlangan, yana 4,1 mln donasi utilitar tokenlardir.
2023-yil iyul oyida Humo to‘lov tizimi O‘zbekiston davlat obligatsiyalari bilan ta‘minlangan token chiqarish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirganini e‘lon qilgandi. Yangi token Humo Digital sho‘ba korxonasi tomonidan emittent qilinmoqda.
O‘tgan yili ILMA kripto-do‘kon ochish uchun uchta litsenziya berdi: Asterium, City Pay Gate va Crypto Magnat. Kripto-xizmat provayderlari ro‘yxati bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin.
Kripto bozor talablari
2024-yilning dekabrida agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini belgiladi. Bojlar miqdori litsenziya rasmiylashtirish vaqtida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorlarida hisoblanadi.
Bunda har bir turdagi litsenziyalarni rasmiylashtirish uchun quyidagi miqdorlar undiriladi:
- mayning pul — BHMning 3 ming baravari (1,125 mlrd so‘m);
- kripto-do‘kon — BHMning 3 700 baravari (1,387 mlrd so‘m);
- kripto-depozitariy — BHMning 7 ming baravari (2,625 mlrd so‘m);
- kripto-birja — BHMning 73 400 baravari (27,525 mlrd so‘m).
ILMA boj miqdori va uni to‘lash tartibi jahon tajribasi hamda sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalar tavsiyalari asosida belgilangani qayd etdi. Shuningdek, bu mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lishi nazarda tutilgan.
Avvalroq Buxoroda 18,1 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasi fosh etilgandi.

