Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini belgilagandi.

Agentlik direktorining tegishli buyrug‘i turli muhokamalarga sabab bo‘lgani bois ILMA matbuot xizmati qaror bo‘yicha munosabat bildirdi.

Bojlar miqdori litsenziya rasmiylashtirish vaqtida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorlarida (BHMning bir baravari joriy yilning 1-oktabridan 375 ming so‘mga teng) belgilanadi.

Har bir turdagi litsenziyalarni rasmiylashtirish uchun quyidagi miqdorlar undiriladi:

  • mayning pul — BHMning 3 ming baravari (1,125 mlrd so‘m);
  • kripto-do‘kon — BHMning 3 700 baravari (1,387 mlrd so‘m);
  • kripto-depozitariy — BHMning 7 ming baravari (2,625 mlrd so‘m);
  • kripto-birja — BHMning 73 400 baravari (27,525 mlrd so‘m).

Davlat bojining miqdori va uni to‘lash tartibi jahon tajribasi hamda sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalar, jumladan, xalqaro kripto-birjalar va mutaxassislarning, shu jumladan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tavsiyalarini o‘rgangan holda belgilangani qayd etildi.

“Ushbu miqdorlar kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati turidan kelib chiqib, shuningdek, mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lib xizmat qilishi uchun belgilangan”, — deyiladi xabarda.

Agentlik 2017-yildan beri 1500dan ortiq kompaniyaga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalar berilgan Estoniya namunasini keltirdi. Litsenziya narxi xizmat turiga qarab, $1000−1500 oralig‘ida bo‘lgan. Biroq, 2019-yilda pul yuvish holatlari aniqlangandan so‘ng, Estoniya hukumati 500dan ortiq litsenziyalarni bekor qilib, kompaniyalarga nisbatan talablarni kuchaytirdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasi to‘liq tartibga solingan. Jismoniy va yuridik shaxslar uchun kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishda hech qanday to‘siqlar mavjud emasligi ta’kidlanadi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2024-yilda O‘zbekiston kripto-aktivlar sohasidagi xalqaro reytingda 151ta mamlakat ichida 33-o‘rinni, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa 1-o‘rinni egalladi.

Agentlik OAV va inflyuenserlardan “kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solish bo‘yicha mavjud barcha ma’lumotlar bilan tanishib chiqib, undan keyin fuqarolarga to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot” yetkazishni so‘radi.

Kriptosferani tartibga solish

ILMA 2022-yilning avgust oyida kripto-aktuivlar sohasidagi provayderlar faoliyatini litsenziyalash tartibi va ularga qo‘yiladigan talablarni tasdiqladi. 4ta faoliyat turining har biri uchun alohida litsenziya talabi belgilandi.

Xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya faqat O‘zbekiston rezidentlariga beriladi. Ular kripto-aktivlar bilan bog‘liq barcha operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni besh yil davomida saqlashi kerak.

O‘sha yilning sentabriga kelib, kripto-aktivlar aylanmasi sohasi uchun oylik yig‘imlar joriy etildi. Oxirgi marta ularning miqdori joriy yilning iyun oyida o‘zgargan. 20-iyundan kripto-do‘konlar uchun oylik yig‘imlar BHMning 185 baravarigacha (69,37 mln so‘m), kripto-birjalar uchun esa BHMning 740 baravariga (277,5 mln so‘m) oshirildi.