Bayram kunlari dam olish kuniga tog‘ri kelsa, xodimlar necha kun dam olishiga izoh berildi. Bu haqda Bandlik vazirligi Mehnat va kasb standartlari boshqarmasi boshlig‘i Laziz Qarshiyev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
2026-yilda 21-mart — Navro‘z bayrami shanba kuniga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Ramazon oyi 19-fevraldan boshlanganidan kelib chiqib, 30 kun hisoblansa, Ramazon hayiti ham aynan 21-mart sanasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, agar dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, ushbu dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi.
Bunda 21-mart — shanba dam olish kuni 23-mart — dushanbaga ko‘chiriladi. Shundan kelib chiqib, haftada 5 kun ishlaydigan xodimlar uchun ketma-ket 3 kun dam olish belgilanadi:
- 21-mart (shanba) — bayram kuni;
- 22-mart (yakshanba) — dam olish kuni;
- 23-mart (dushanba) — ko‘chirilgan dam olish kuni.
Haftada 6 kun ishlaydiganlar uchun esa 2 kun dam olish bo‘ladi:
- 21-mart (shanba) — bayram kuni;
- 22-mart (yakshanba) — dam olish kuni.
“Bunday bayramlarda 5 kun dam olishga o‘rganib qolganlarga 2−3 kunlik dam olish yoqmayapti, lekin amaldagi qonunchilik bo‘yicha tartib shunday. Ungacha qonunchilikda o‘zgartirishlar bo‘lsa, xabar beramiz”, — deb yozadi Qarshiyev.
Shuningdek, joriy yilda 8 mart — Xotin-qizlar kuni ham yakshanba — dam olish kuniga to‘g‘ri keladi.
Bu bayramda ham haftada 5 kun ishlaydiganlar uchun ketma-ket 3 kun dam olish belgilanadi:
- 7-mart (shanba) — dam olish kuni;
- 8-mart (yakshanba) — bayram kuni;
- 9-mart (dushanba) — ko‘chirilgan dam olish kuni.
Haftada 6 kun ishlaydiganlar uchun esa quyidagicha:
- 8-mart (yakshanba) — bayram kuni;
- 9-mart (dushanba) — ko‘chirilgan dam olish kuni.
2025-yilning dekabr oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan 2026-yil uchun qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangan. Unda joriy yilda ayrim bayram kunlari dam olish kunlariga to‘g‘ri kelgani sababli ko‘chirilishi nazarda tutilgan.
Avvalroq Spot dam olish kunlari qaysi banklar ishlashi haqida yozgandi.
