Hukumat qarori bilan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi. Hujjat Lex.uz‘da eʼlon qilindi.
Mazkur nizom bilan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi belgilandi.
Ko‘krak nishoniga nomzodlar ro‘yxati Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati doirasida shakllantiriladi.
Unga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, shuningdek maktablar, Prezident maktablari va “Yangi O‘zbekiston” universiteti bitiruvchilari kiritiladi.
Shu bilan birga, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi hamda uni qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi ishtirokchilari ham nomzod sifatida ko‘rib chiqiladi.
Ro‘yxatga dunyoning nufuzli oliy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarda bilim va tajriba orttirgan iqtidorli vatandoshlar ham qo‘shiladi.
Ishchi guruh taqdimnomalar asosida hujjatlarni umumlashtirib, har yili 25-martga qadar belgilangan talablar asosida eng munosib nomzodlar bo‘yicha xulosa qabul qiladi.
Xulosa asosida nomzodlarning hujjatlari Prezident iqtidorli farzandlari tashabbusini amalga oshirish hamda ijrosini nazorat qilish bo‘yicha respublika komissiyasiga yuboriladi.
Komissiya har yili 20-mayga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Nishon har yili Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyatining qurultoyida topshiriladi.
Avvalroq 1-martdan texnikum o‘quvchilari va yoshlar o‘rtasida prezident sovrini uchun Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari kasbiy mahorat milliy tanlovi o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.