Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask, shuningdek, Amazon asoschisi va Blue Origin aerokosmik kompaniyasi egasi Jeff Bezos O‘zbekistonga taklif qilinadi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

2028-yilda Samarqandda kosmos bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazish rejalashtirilgan. “O‘zbekkosmos” rahbari o‘rinbosari buni tarixiy g‘alaba deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro astronavtika federatsiyasi O‘zbekistonni qisqa muddatda erishilgan yutuqlar, ulkan maqsadlar va kosmik hamjamiyatdagi yaxshi obro‘si tufayli tanlagan.

U kongressning o‘zini o‘tkazishni “katta chellenj” deya baholadi, chunki tadbirga 10 mingdan ziyod kishi tashrif buyurishi kutilmoqda. Kongressni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun “O‘zbekkosmos” kelgusi ikki yil davomida kosmik hamjamiyat bilan faol ishlash niyatida.

Jurnalistning Ilon Mask Samarqanddagi kongressga keladimi, degan savoliga Muhiddin Ibragimov “harakat qilamiz”, deb javob berdi.

“Federatsiya rahbari ham bir qiziq gap aytgandi, kongress janob Maskning tashrifiga sabab bo‘lishi mumkin, deb hazil qilgandi. Hammaga taklifnomalar jo‘natamiz. Nafaqat janob Mask, balki janob Bezos, shuningdek, dunyoda kosmonavtika sohasidagi boshqa yorqin shaxslar ham bor. Biz ularning barchasini taklif qilamiz”, — dedi “O‘zbekkosmos” rahbari o‘rinbosari.

2025-yilning oktabr oyida Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida minglab xalqaro ekspertlarning yakdil qarori bilan 2028-yilgi kongressga Samarqand mezbonlik qilishi belgilab olindi.

Ta‘kidlanishicha, Sidneydagi kongress Avstraliya iqtisodiyotiga qariyb $27 mln keltirgan. Samarqanddagi kongress O‘zbekistonga 10 mingdan ortiq xalqaro mehmonni jalb qilishi hamda xalqaro ko‘rgazmalar orqali turizm, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalarida katta iqtisodiy samara berishi kutilmoqda.

Prezident huzurida yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda AQSH, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa mamlakatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari Samarqand kongressida ishtirok etishga qiziqish bildirayotgani qayd etildi.

Avvalroq prezidentga Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshining modellari taqdim etilgani haqida xabar berilgandi.