Toshkentdagi Ritz-Carlton mehmonxonasi qurilish maydonchasida 12 tup daraxt ildizi bilan qo‘porib tashlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida maʼlum qildi.
Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy etilganiga qaramay, qurilish bahonasida 12 tup qimmatbaho daraxt kesilib, qo‘porib tashlangan. Shuningdek, boshqa hududlardagi daraxtlarning kesilishi masalasi ham o‘rganilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish kompaniyasi hududdagi daraxtlarning kesilishini videoga olishga qattiq qarshilik qilgan.

Keyinroq Rasul Kusherbayev xorijiy kompaniya O‘zbekiston tabiatiga 351 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazganini ma‘lum qildi.
“Kecha Toshkentning Milliy bog‘ hiyoboni hududi yonidagi PD ESTATES MCHJ xorijiy korxonasiga berilgan yer maydonida moratoriy talablariga zid ravishda 12 tup qimmatbaho daraxtlar ruxsatnomasiz kesib qo‘porib tashlangani aniqlandi. Ekologiya qo‘mitasi xodimlari tomonidan olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 351 mln 230 ming so‘mni tashkil qilmoqda”, — deb yozdi u.
Ekologiya qo‘mitasi raisi maslahatchisi zarar miqdori ko‘pligi sababli tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqiy baxo berish uchun prokuratura organlariga yuborilganini ta‘kidladi. “Navbat prokuraturaga…”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi ham ushbu holat bo‘yicha chora ko‘rilganini tasdiqladi. Boshqarmaga ko‘ra, hududda sog‘lom o‘sish holatida bo‘lgan jami 12 tup daraxt, shundan 9 tupi moratoriy talablariga zid ravishda, hech qanday tegishli ruxsatnomalarsiz ildiz qismi bilan qo‘porib olingan.
Spot Google Earth portali orqali Chilonzor tumanida “hashamatli 5 yulduzli mehmonxona va turar-joy binolari” investitsiya loyihasi uchun ajratilgan qurilish maydonining sun‘iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib chiqdi. Agar 2024 va 2025-yillardagi suratlarni solishtirilsa, bir nechta daraxtning yo‘qolganini ko‘rish mumkin.





2022-yil 30-sentabr, 2023-yil 30-aprel, 2024-yil 30-avgust, 2025-yil 28-fevral va 2025-yil 30-oktabrdagi suratlar (chapdan o‘ngga). Foto: Google Earth
KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, PD ESTATES 2023-yil noyabr oyida ro‘yxatga olingan. Kompaniya 251,3 mlrd so‘m ustav fondiga ega bo‘lib, “qurilish loyihalarini ishlab chiqish” bilan shug‘ullanadi. Ta‘sischilari Pasha Development (99%) va Pasha Holding (1%), rahbari etib Baris Battal ko‘rsatilgan.
The Ritz-Carlton
2024-yil avgust oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon umumiy qiymati $520 mlnlik yettita loyihani ishga tushirishga kelishib oldi. Xususan, Pasha Holding‘ning sho‘ba korxonasi bo‘lgan Pasha Development Chilonzor tumanida $200 mln evaziga The Ritz-Carlton brendi ostida besh yulduzli mehmonxona va premium-klassdagi rezidensiya quradi.
2025-yil oktabr oyida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshayev Ozarbayjonning PASHA Real Estate kompaniyasi rahbari Elchin Gadimov bilan Toshkent shahrida qiymati $200 mln bo‘lgan The Ritz-Carlton brendi ostidagi besh yulduzli mehmonxona va turar-joy majmuasi qurilishi loyihasining borishini muhokama qildi.


Obyektning bosh rejasi Britaniyaning Benoy kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Hozirda maydonchada qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Yil oxirigacha yerosti inshootlarini qurish bosqichini yakunlab, yerusti qismini qurishga kirishish rejalashtirilgan edi.
Fevral oyida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Ozarbayjonning PASHA Real Estate kompaniyasining xalqaro loyihalar bo‘yicha rahbari Elchin Gadimov bilan investitsiya loyihasining amalga oshirilishi jarayonini muhokama qildi.
Tomonlar loyihani izchil amalga oshirishning keyingi bosqichlari yuzasidan fikr almashdi, shuningdek, loyihaning “belgilangan muddatlarda va yuqori sifat standartlariga rioya qilgan holda” amalga oshirilishini ta‘minlashga o‘zaro sodiqliklarini tasdiqladi.




Avvalroq Toshkentda ochiq olovda taom tayyorlaydigan ovqatlanish nuqtalari ustidan nazorat kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi.










