“Ko‘ksaroy” qarorgohida Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalardan uchrashuvda 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etmoqda. Davlat rahbari yig‘ilganlarni samimiy qutladi.
“Yurtimizdagi 22 mlndan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, — dedi prezident.
Har bir vazir, hokim, oliygoh rektori, texnikum, maktab direktori va boshqa mas‘ullar hududidagi yoshlarni til va kasb-hunar o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi, g‘oya, loyiha va startapiga ko‘mak berib, ularni o‘stirishi, ishli va daromadli qilib, birorta yoshni e‘tiborsiz qoldirmaslikka yana-da katta mas‘uliyat bilan yondashib ishlashi lozimligi qayd etildi.
Yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida so‘nggi yillarda yoshlar jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlar 500 nafardan, TOP-100 talikda o‘qiyotganlar 3,5 ming nafardan oshdi.
Yangilikka intiluvchan yoshlar yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va BAA kabi davlatlar bozoriga kirib bordi.
Yosh sportchilar xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medalining sohibi bo‘ldi. Bugun yosh tadbirkorlar mamlakatdagi biznes vakillarining 35%ini tashkil etmoqda.
“O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez sur‘atlarda rivojlanayotgan davlat deb e‘lon qilingani bizga g‘urur bag‘ishlaydi”, — dedi prezident.
Bu yil Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahri Yoshlar parlamenti a‘zolarining 12-global konferensiyasi, Take Off xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilishi e‘lon qilindi.
“Albatta, yangi metodika va innovatsiya olib kirib, ta‘lim sifatini oshirish va bolalarni kasbining ustasi qilish haqida izlanadigan rahbarning faoliyatida o‘zgarish bo‘ladi, ishiga yangicha muhit kiradi”, — dedi davlat rahbari.
Dunyoda kun sayin yoshlar ongini egallash bo‘yicha yangi tahdidlar yuzaga kelayotgan sharoitda barcha darajadagi rahbarlar yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi ish tizimiga o‘tishi zarurligi qayd etildi.
Avvalroq Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari ko‘krak nishoni taʼsis etilishi haqida xabar berilgandi.