Avvalroq prezident yoshlar bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda Garvard, Stenford, London iqtisodiyot maktabi kabi oliygohlar yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishda hamkorlik qilishga tayyorligi taʼkidlandi.

Yoshlar ishlari agentligiga ushbu xorijiy oliygohlar bilan kamida 40 ming yoshlarni biznesga o‘rgatadigan Yangi avlod tadbirkorlari dasturini boshlash topshirildi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 mln so‘mgacha 7%li ssuda beriladi.

Har yili Yosh tadbirkorlar tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun Yoshlar venchurs jamg‘armasidan 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Banklar bittadan konsalting kompaniya tashkil qilib, joriy yilda 50 ming yosh tadbirkorga biznes reja tayyorlashiga ko‘maklashib, ularning xarajatini qoplab beradi. Yirik savdo tarmoqlari vakillari va malakali mutaxassislar jalb qilinib, kamida 20 ming yosh tadbirkorlikka o‘qitiladi.

Shu bilan birga, 1-martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasidan qoplab beriladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Yoshlar ishlari agentligi Fikringni ber (Voice Up) inklyuziv oromgohini tashkil qilib, yoshlar tashabbusi asosida o‘ndan ziyod loyihalarni amalga oshirdi.

Endilikda ushbu loyihani har bir hududda o‘tkazib, 1 ming nafar yoshlarni qamrab olish, eng yaxshi loyihalarni taklif qilgan yoshlar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil qilish topshirildi.

O‘sish va rivojlanish (Upshift) startap loyihasi kengaytirilib, bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida ham tanlov o‘tkaziladi.

Yoshlarning eng yaxshi 40 ta startap loyihasini moliyalashtirish uchun 2 mlrd so‘m ajratiladi.

Avvalroq kelajak tadbirkori dasturi ishga tushirilib, yoshlarga 15%li kredit ajratilishi haqida xabar berilgandi.