Avvalroq prezident yoshlar bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Mamlakatda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘lishi belgilandi. Shu kuni sohaga mas‘ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitadi va muammosini hal qiladi.
Hokimlar yoshlarbop savdo-servis loyihalarini qiladi, yoshlarning ta‘lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va til o‘rganib, ishga kirishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashadi, startapchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, alohida mablag‘ va grantlar ajratadi.
Eng yaxshi tomorqachi, fermer, sanoatchi, startapchi, ijodkor, ma‘naviyat va boshqa sohalardagi yoshlar uchun qiziqarli mavzularda tanlovlar va yarmarkalar o‘tkaziladi.
Har yili 600 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda, 2030-yilga borib, ular 1 mlnga yetadi. Yoshlarga o‘ziga mos ish topishi uchun sharoit yaratish — eng muhim masala ekani qayd etildi.
Yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan. O‘tgan yili yoshlar bandligini ta‘minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga $400 mln berilgan edi.
Xususan, Yoshlar biznesi, Kelajakka qadam dasturlari hisobidan 15 ming nafar yoshlar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi, 50 ming odamni ish bilan ta‘minladi.
Prezident yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha $200 mln ajratilishini e‘lon qildi.
O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 mlndan 300 mln so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlar loyihalari uchun 10 mlrd so‘mgacha kredit ajratish (hozir 5 mlrd so‘mgacha) mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalariga $100 minggacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi.
Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqayotgan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.
Avvalroq ayrim yoshlarga kontrakt to‘lovining 50% gacha qismi qoplab berilishi haqida xabar berilgandi.