O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi Moskvada rossiyalik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashmoqda, deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, delegatsiya tashrifining birinchi kunida tomonlar blogerlar hamda internetda faoliyat yurituvchi boshqa shaxslar daromadlari ustidan soliq nazoratini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Xususan, soliq xizmati brendini ommalashtirish, ochiqlik darajasini oshirish va fuqarolar ishonchini mustahkamlash maqsadida media hamjamiyat bilan o‘zaro yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Rossiya tomoni soliq organlari faoliyatida xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan yondashuvlar bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi.
Unda soliq to‘lovchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, ular bilan samarali hamkorlik o‘rnatish va tartib-taomillarni soddalashtirish amaliyoti namoyish etildi.
“Mazkur tajriba almashish jarayoni ilg‘or yechimlarni o‘rganish va ularni kelgusida O‘zbekiston soliq organlari faoliyatida qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Inflyuyenserlar uchun soliq
2025-yilning may oyida sobiq Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan onlayn-platforma va saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoyalashga qaratilgan qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, 10 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lib, kontentdan daromad topadigan inflyuyenserlar uchun alohida huquqiy tartib joriy etmoqda. Hujjatga ko‘ra, bunday foydalanuvchilar quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:
- tarqatilayotgan kontentning to‘g‘riligini tekshirish;
- akkaunt, saytlar va hamjamiyatlarda noqonuniy kontent joylashtirilishining oldini olish;
- sharhlarni monitoring qilish, noqonuniy kontentlarni aniqlash va o‘chirish — agar resursda sharh qoldirish imkoniyati mavjud bo‘lsa;
- yolg‘on axborotni (feyklarni) o‘chirish yoki feyklar mavjud bo‘lgan kontentlarda maxsus belgi qo‘yish;
- agar yolg‘on ma’lumotlar boshqa shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazsa, raddiya e’lon qilish;
- qayta aloqa uchun kontakt ma’lumotlarini ochiq joylashtirish.
Agar inflyuyenser talablarni buzsa, unga qoidabuzarliklarni bartaraf etish talabi bilan ko‘rsatma yuboriladi. Bu talab 10 kun ichida bajarilishi kerak, aks holda onlayn-platforma mulkdori yoki uning vakiliga qoidabuzarning akkauntini 6 oygacha muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi taqdimnoma yuborilishi mumkin.
Qonun loyihasi nafaqat kontentga, balki monetizatsiyaga ham taalluqli: unda reklamadan olingan har qanday daromadning soliqqa tortilishi kerakligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri reklama joylashtirish, nativ integratsiya, hamkorlik havolalari va homiylik ko‘magiga ham tegishli.
Bunday choralar avvalroq Rossiyada ham qo‘llanilgan — soliq xizmati 2021-yildan boshlab blogerlarning daromadlarini faol tekshirishni boshlagan. 2023-yilda esa bir nechta yirik inflyuyenserlarga qarshi ishlar ham qo‘zg‘atilgan. Ulardan eng katta shov-shuvga sabab bo‘lgan ish yuz millionlab rubl miqdoridagi soliqlarni to‘lamaganlikda ayblanayotgan Yelena Blinovskayaga tegishli.
2023-yilda Qozog‘iston ham shunga o‘xshash choralarni amalda qo‘lladi. Yangi qonun blogerlarga tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, soliq to‘lash va reklamani belgilash singari majburiyatlarni yukladi. Ko‘p o‘tmay, soliq idoralari 600 ga yaqin blogerga o‘nlab mlrd tengelik daromadlarini kamaytirib ko‘rsatganliklari haqida xabarnoma yubordi.
Keyinroq Spot Spot PR-mutaxassislari, reklama agentliklari rahbarlarining ilgari surilayotgan qonun loyihasi haqidagi fikrlari, uni amalga oshirish qanchalik haqiqatga yaqinligi va bu nimalarga olib kelishi mumkinligi haqidagi fikrlarini o‘rgangan edi.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi soha xodimlarining daromad va xarajatlarini deklaratsiyalash tizimini ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.