O‘tgan yil dekabrida prezident tomonidan qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar tasdiqlangandi.
Mazkur hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-martdan xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilarning elektron reyestri yuritilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, reyestr Texnik tartibga solish hamda Shaffof qurilish axborot tizimlari integratsiyasi asosida shakllantiriladi.
Hukumat huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan sifatsiz qurilish materiallari yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi.
Reyestrdagi ma‘lumotlar xavfli qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi. Unda 116 ta korxona keltirilgan.
Ro‘yxatda, shuningdek, ularning asosiy mahsulot turlari ham ko‘rsatilgan. Jumladan, g‘isht, orayopma temir-beton plitalar va beton quduq (kolodes) mahsulotlari o‘rin olgan.
Bundan tashqari, temir-beton ustunlar, gazoblok va boshqa beton elementlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar ham ro‘yxatda bor.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi uy-joy xaridorlariga 22 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni qaytargani haqida xabar berilgandi. O‘tgan yili kelib tushgan 1700 ta xonadon sotib olish bilan bog‘liq murojaatlarning har oltinchisi uyni o‘z vaqtida topshirmaslik bilan bog‘liq bo‘lgan.