AQSH Moliya vazirligi Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini to‘rt nafar jismoniy shaxs va uchta tashkilot bilan kengaytirdi. Bu haqda Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) xabarida aytiladi.

Ro‘yxatga Rossiya fuqarolari Sergey Zelenyuk, Oleg Kucherov va Marina Vasanovich, shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Mamashoyev kiritilgan.

Shuningdek, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan Advance Security Solutions (Azizjon Mamashoyevga tegishli) va Special Technology Services LLC FZ kompaniyalari, shuningdek, Rossiyaning MATRIX LLC kompaniyasiga nisbatan cheklovlar joriy qildi.

Davlat departamenti xabariga ko‘ra, Azizjon Mamashoyev rossiyalik xakerlar Oleg Kucherov va Sergey Zelenyuk bilan birgalikda AQSH kiberxavfsizligiga qarshi qaratilgan operatsiyalarda, shuningdek, “eksploytlar” — dasturiy ta’minot zaifliklari savdosida ishtirok etgan.

2025-yil noyabrida AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi maxsus toifadagi fuqarolar va bloklangan shaxslar ro‘yxatini yangiladi.

Boshqarma Rossiyaning IT-sektori bilan aloqadorlikda ayblab O‘zbekistondagi Datavice kompaniyasini “qora ro‘yxat"ga kiritdi.

Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan Datavice kompaniyasi 31-iyuldan buyon IT Park rezidenti hisoblanadi.

Orginfo ma’lumotlariga ko‘ra, Maksim Makarov (u ham ro‘yxatga kiritilgan) kompaniya ta’sischisi, rahbari va bosh hisobchisi sifatida qayd etilgan. Korxonaning ustav fondi 24 mln so‘mni tashkil qiladi.

2023-yil noyabrida AQSh Savdo vazirligi O‘zbekistondagi Mvizion kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritgandi.

Qayd etilishicha, sanksiyaga kiritilgan kompaniya elektron va telekommunikatsiya uskunalarini ulgurji yetkazib beradi.

2024-yil fevral oyida Mvizion kompaniyasi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgani haqida xabar berilgandi.

Bungacha kompaniya 2023-yilning noyabrida kompaniya AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lgandi. Dekabrda Buyuk Britaniya ham unga nisbatan sanksiya kiritdi.