Tajriba tarzida soliq xodimlarining daromadlari deklaratsiya qilinadi

1-martdan boshlab jismoniy shaxslar daromadlarini deklaratsiyalashni yo‘lga qo‘yish belgilangan. Unga ko‘ra, soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar uchun jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyasini taqdim etish amaliyoti tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.

Tajriba davomida fuqarolarning xarajatlari vazirlik va idoralardan olinadigan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi. Shuningdek, soliq organlarining mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan xaridlar bo‘yicha fiskal cheklar va EHFlar ham hisobga olinadi.

Bundan tashqari, maxsus elektron platforma orqali deklaratsiyani soddalashtirilgan tartibda topshirish tartibi belgilanadi. Yillik daromad va xarajatlarning raqamli ma‘lumotlari asosida soliq bazasi aniqlashtiriladi.

Agar ma‘lumotlar yetarli bo‘lmasa, fuqarolar mobil ilova orqali qo‘shimcha ma‘lumot kiritishi mumkin bo‘ladi. Aniqlashtirilgan soliq bazasi bo‘yicha esa qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi va huquqiy choralar qo‘llanilmaydi.


Fevral oyida Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladi. Uning doirasida soliq xodimlarining daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi ishlab chiqildi.

Hozirda mazkur mexanizm Navoiy va Chirchiq shaharlarida sinov tariqasida joriy etilmoqda, keyinchalik esa bosqichma-bosqich mamlakat bo‘ylab tatbiq etiladi.


Elektromobilda taksichilik qiluvchilarga imtiyozlar beriladi

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi fuqarolar uchun belgilangan ijtimoiy soliqni to‘lashda 10% gacha chegirma beriladi.

Davlat tashkilotlariga tegishli bo‘lgan, shu jumladan, aeroport va vokzallarning pulli avtoturargohlaridan 30 daqiqagacha bepul foydalanishga ruxsat beriladi. Huquqbuzarlik va YTH sodir etmasdan 1 mln km bosib o‘tgan fuqarolarga Tabiat himoyachisi ko‘krak nishoni beriladi.

Yil yakuni bo‘yicha elektromobilda taksi qiladiganlar soni 300 ming nafarga yetkazilishi, yengil avtomobillarning atmosfera havosini ifloslantirishdagi ulushi 7% ga kamayishi kutilmoqda.


Elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklar muomalasi taqiqlanadi

Qonun nikotinni yetkazib berish elektron tizimlarining O‘zbekiston hududida muomalasini to‘liq taqiqlashni nazarda tutadi. Cheklovlarga quyidagilar kiradi:

  • elektron sigaretalar (veyplar);
  • nikotinli suyuqliklar;
  • veyplar uchun nikotinsiz suyuqliklar;
  • butlovchi qismlar va ulardan foydalanish uchun mo‘ljallangan qurilmalar.

Bunday mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish, o‘tkazish, sotish, import va eksport qilish taqiqlanadi. Bunda shaxs taqiqlangan tovarlarni ixtiyoriy ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinadi.

Veyplarning noqonuniy aylanmasi uchun jarimalar mavjud:

  • BHMning 100−200 baravari — taqiqlangan mahsulotlarni tayyorlash, saqlash, tashish yoki sotish (tovarni musodara qilgan holda);
  • BHMning 1 baravari — bunday mahsulotlarni olish yoki saqlaganlik uchun;
  • BHMning 2−5 baravari — bir yil ichida takroran sodir etilganda.

Agar huquqbuzarlik ancha miqdorda yoxud ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagi tartibda javobgarlik kelib chiqadi:

  • BHMning 300−500 baravari (206 mln so‘mgacha) miqdorida jarima; yoki
  • 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; yoki
  • 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash; yoki
  • 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar — ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki xizmat lavozimidan foydalanilganda:

  • BHMning 400−600 baravari miqdorida jarima; yoki
  • 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Huquqbuzarlik juda ko‘p miqdorda yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.


Biznes hamroh loyihasi doirasida tadbirkorlar bilan ishlashga mo‘ljallangan maxsus markazlar tashkil etiladi

Biznes hamroh loyihasi joriy etilib, uning doirasida markazlar yo‘lga qo‘yiladi. Ular Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan MCHJ tomonidan boshqariladi. Dastlabki bosqichda bu kabi markazlar Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar markazlarida bittadan tashkil etiladi.

Shuningdek, martdan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqotini tashkil qilishning tartibi joriy etiladi. Bunda rahbarlar har chorakda tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida hududlarda tadbirkorlar bilan Biznes hamroh markazlarida uchrashadi.


Davlat xaridlarida bozor narxini sun’iy intellekt hisoblaydi

Davlat xaridlari portalida sun’iy intellekt asosida o‘rtacha bozor narxini hisoblaydigan elektron modul ishga tushiriladi. Buyurtmachi xaridni amalga oshirishdan avval aynan shu modul orqali narxni belgilaydi.

Agar boshlang‘ich yoki shartnoma narxi bozor bahosidan 10% dan yuqori yoki 20% dan past bo‘lsa, xarid yuqori xavf sifatida baholanib, tekshiruvga sabab bo‘ladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar esa, istisnolardan tashqari, bozor narxidan oshmasligi lozim.


Ehtiyojmand oilalar uylari energiya tejamkor qilib taʼmirlanadi

“Mahalla yettiligi” xulosasiga asosan Ijtimoiy reyestrdagi I-guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli aʼzosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarining devor va tomlari izolyatsiya qilib beriladi. Xususan, energiya tejamkor deraza va eshik hamda quyosh panellari yoki geliokollektor o‘rnatiladi.

Xonadonlarni “yashil” taʼmirlash ishlari “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladi. Buning uchun teng ulushlarda jami 200 mlrd so‘m mablag‘ tuman hokimliklari huzuridagi Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik jamg‘armalariga ajratiladi.

Dastlabki bosqichda jarayon tajriba tariqasida Navoiy viloyatida yashovchi mehnatga layoqatli aʼzosi bo‘lmagan oilalarda amalga oshiriladi. Apreldan boshlab esa mamlakatning boshqa hududlarida yashovchi ehtiyojmand oilalarning xonadonlari ham energiya tejamkor qilib taʼmirlanadi.


Yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotish taqiqlanadi

Yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish “Asl Belgisi” raqamli markirovka tizimi orqali avtomatik tarzda bloklanadi. Bunday tovarning QR-kodi skaner qilinganda, kassa tizimi xaridni rasmiylashtirish va chek berishga ruxsat bermaydi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jarayoniga nodavlat notijorat tashkilotlar ham jalb etiladi. Ularga xaridorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, nazorat xaridlari o‘tkazish hamda qoidabuzarliklarni aniqlash maqsadida savdo shoxobchalariga “sirli mijoz"larni yuborish huquqi beriladi.

Yaroqlilik muddati o‘tgan tovarni sotganlik uchun maksimal jarima miqdori uch baravar oshirilib, BHMning 30 baravari (12,36 mln so‘m) etib belgilanadi.


Yoshlar o‘rtasida kasbiy mahorat tanlovi o‘tkaziladi

Texnikum o‘quvchilari va yoshlar o‘rtasida prezident sovrini uchun Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari kasbiy mahorat milliy tanlovi o‘tkaziladi. Uning doirasida 10 ta kasb belgilanib, hududlar darajasida 700 nafar sovrindor saralab olinadi.

Respublika bosqichida esa 120 nafar sovrindor aniqlanadi. Tanlov g‘oliblari 4,9 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha miqdorda rag‘batlantiriladi. Shuningdek, ular xalqaro musobaqalarga tayyorlanib, unda ham g‘olib bo‘lsa, 1 mlrd so‘mgacha rag‘batlantiriladi.


Tadbirkorlar reytingida norasmiy bandlik va kam ish haqi uchun ball kamaytiriladi

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda quyidagi qonunbuzilish holatlari ballarni kamaytiruvchi qo‘shimcha mezon sifatida belgilanadi:

  • tasdiqlangan norasmiy bandlik holatlari;
  • xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan past oylik ish haqlarining hisoblanishi.

Ma’lumot uchun: hozirda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 271 ming so‘mni tashkil etadi.


“Og‘ir” hududlarda oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar stavkasi pasaytiriladi

Mamlakatning 37 ta “og‘ir” toifadagi tumanlarida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratiladign kreditlar yillik 12% stavkada beriladi.

Shu bilan birga, moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi: o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit olish imkoniga ega bo‘ladi.


Mahalla loyihasi doirasida kredit foizlarining bir qismi qoplab beriladi

Banklar tomonidan amalga oshirilayotgan “mahalla loyihasi” dasturi doirasida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish bo‘yicha ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining bir qismiga kompensatsiya taqdim etiladi.

U quyidagicha:

  • mahsulot yetishtirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 4 foizlik punkti;
  • qo‘shimcha qiymat yaratadigan qayta ishlash loyihalari bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 6 foizlik punkti.

Muammoli kreditlarni undirgan hokim yordamchilariga bonus beriladi

Markaziy bank oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan kreditlar bo‘yicha undirilgan muammoli qarzdorlik summasining bir qismini hokim yordamchilariga bonus sifatida ajratish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Bunda, rag‘bat 2022-yilgacha berilgan kreditlar bo‘yicha undirilgan summaning 20%i, 2022-yildan 2025-yilgacha ajratilgan kreditlar uchun esa 10% miqdorida belgilanadi.


“Mehrli oila” xizmati yo‘lga qo‘yiladi

“Inson” markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun “mehrli oila” xizmati tashkil etiladi.

Xizmatga ota-onalar Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining qarori asosida jalb qilinadi.

Ularga farzandlarining oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish uchun “oilaviy terapiya” xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.


Ayrim kasalliklar bilan og‘riganlar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Xulq-atvori buzilishlari bo‘lmagan ruhiy kasallik bo‘yicha dispanser nazoratida turuvchi demensiya, Parkinson yoki Alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan maxsus parvarishga muhtoj shaxslar uchun “Faol hayotga qadam” dasturi doirasidagi kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.


Davlat fuqarolik xizmatidagi bo‘sh lavozimlarni egallashda yangi tizim joriy etiladi

Davlat fuqarolik xizmatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vacancy.gov.uz elektron platformasida e’lon qilinadi.

Fuqarolar o‘zlariga ma’qul keladigan mutaxassislik, lavozim va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Elektron platformada ro‘yxatdan o‘tgan va davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha testdan muvaffaqiyatli o‘tganlar mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘ladi.

Bunda fuqarolarga test sinovlarini shaxsni tasdiqlash va sinovlarni nazorat qilishning maxsus onlayn tizimi orqali yoki Boshqaruv samaradorligi agentligining maxsus jihozlangan xonalarida topshirish imkoniyati yaratiladi. Natijalar 1 yilgacha amal qiladi.

Tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida o‘tkaziladigan sohaviy bilimlarni baholash bo‘yicha test sinovlari davlat organlarining buyurtmalariga muvofiq agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi.


32 ta idora va davlat kompaniyalarida yangi o‘rinbosarlar tayinlanadi

1-martdan boshlab 32 ta vazirlik, idora va yirik davlat kompaniyalarida komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.

Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, Energetika, Qishloq va Suv, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Transport, Kon-geologiya, Investitsiyalar, sanoat va savdo, Raqamli texnologiyalar hamda Bandlik vazirliklari shular jumlasidan.

Davlat kompaniyalari orasida NKMK, OKMK, O‘zbekiston temir yo‘llari, Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports, O‘zbekneftgaz, O‘zkimyosanoat, Hududgazta’minot, Hududiy elektr tarmoqlari, Respublika tovar-xom ashyo birjasi, O‘zavtosanoat va boshqalar bor.


Turkiyada doimiy yashovchi o‘zbekistonliklarga ishlash ruxsatnomasi beriladi

Migratsiya agentligi Turkiyaning Mehnat va ijtimoiy taʼminot vazirligi bilan kelishuvga erishgan. U Turkiyada noqonuniy maqomdagi O‘zbekiston fuqarolarini deportatsiyasiz legallashtirish amaliyotini davom ettirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, mamlakatda 3 yil doimiy asosda yashab kelgan fuqarolarga joriy yilning 1-martidan boshlab ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma taqdim etiladi.


Ayrim nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar ijro xati yozadi

BHMning 1 000 baravarigacha bo‘lgan quyidagi nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi:

  • notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
  • yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud bo‘lgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti bo‘lgan ko‘char mol-mulkka qaratish to‘g‘risida talab;
  • ijara to‘lovlari, ko‘p kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badal va to‘lovlar, kommunal va aloqa xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida talablar.

Tovarlarni oldindan deklaratsiyalashda bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im pasaytiriladi

Tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda:

  • bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20% ga pasaytiriladi;
  • bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.

Futbol o‘yinlariga chiptalar shaxsni tasdiqlash orqali sotiladi

Futbol o‘yinlariga chiptalarni sotib olish shaxsni identifikatsiya qilish texnologiyalari va QR-kodni o‘z ichiga olgan “maxsus onlayn axborot tizimi” orqali amalga oshiriladi.


Xavfli qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar reyestri yuritiladi

Xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilarning elektron reyestri yuritiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi sifatsiz qurilish materiallari yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Reyestrga xavfli qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi jami 116 ta korxona kiritilgan

Shu bilan birga, ularning asosiy mahsulot turlari, jumladan, g‘isht, orayopma temir-beton plitalar va beton quduq (kolodes) mahsulotlari o‘rin olgan. Bundan tashqari, temir-beton ustunlar, gazoblok va boshqa beton elementlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar ham ro‘yxatda bor.


Qishloq xo‘jaligi yerlarining toifasini o‘zgartirish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ladi

Prezident farmoni bilan qishloq xo‘jaligi yerlari toifasini o‘zgartirishga oid arizalarni “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona platformasi (Agroportal) orqali berish imkoni yaratilishi belgilangan.

Shu bilan birga, portal yordamida jarayonni onlayn kuzatish va natijalarni olish ham mumkin bo‘ladi.