Xitoyda “shakar solig‘i” joriy etilishi mumkin, deya xabar berdi Financial Times nashri.
Mamlakat rasmiylari tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklar uchun alohida soliq joriy etish masalasini muhokama qilmoqda.
Qayd etilishicha, bu chora nafaqat budjet tushumlarini oshirish, balki aholi salomatligiga shakar iste’moli tufayli yetayotgan zararni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Xitoy shakarli ichimliklar uchun milliy soliq joriy etilmagan kam sonli yirik mamlakatlardan biridir. Ma’lumot uchun dunyoning 115 ga yaqin mamlakatida bunday cheklov kirtilganiga ancha bo‘lgan.
Pekin universiteti va Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 20% lik “shakar solig‘i” minglab odamlarning bevaqt vafot etishining oldini olishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, bu chora semirish, diabet va boshqa surunkali kasalliklar xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
2025-yil iyul oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) barcha davlatlarni shirin ichimliklar chakana narxiga kamida 20% lik soliq solishga chaqirgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad — 2035-yilga borib bunday mahsulotlar narxini 50% ga oshirish orqali iste’molni kamaytirishdir.
Xitoyning 2025-yilda e’lon qilingan ovqatlanish bo‘yicha yangi tavsiyalariga ko‘ra, 2030-yilgacha bir kishi uchun kunlik shakar iste’moli miqdorini 25 grammgacha tushirish belgilangan. Hozirda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 30 grammni tashkil etadi.
The Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Xitoyda voyaga yetganlarning yarmidan ko‘pi ortiqcha vaznlilar ekani qayd etilgan.
Avvalroq shakar o‘rnini bosuvchi moddalar xotirani tezroq pasaytirishi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, ularni muntazam ravishda iste’mol qilish boshqa aqliy qobiliyatlarning ham pasayishiga olib kelishi mumkin.