Neurology jurnalida e’lon qilingan yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, ayrim sun’iy va past kaloriyali shirinlantiruvchilarni muntazam ravishda iste’mol qilish vaqt o‘tishi bilan xotira va boshqa aqliy qobiliyatlarning tezroq pasayishiga olib kelishi mumkin.
Braziliyadagi 12 mingdan ortiq o‘rta yoshli va keksa odamlar ma’lumotlarini tahlil qilgan olimlar, bu turdagi shirinlantiruvchilarni ko‘proq iste’mol qilgan kishilarda sakkiz yillik kuzatuv davomida nutq ravonligi, xotira va umumiy kognitiv funksiyalarning sezilarli darajada pasayganini aniqladilar.
Ushbu bog‘liqlik qandli diabet bilan og‘rigan odamlarda yaqqolroq namoyon bo‘lgan bo‘lsa-da, kasallikka chalinmagan ishtirokchilarda ham kuzatildi.
2050-yilga kelib dunyoda demensiya holatlari soni uch baravarga oshishi kutilayotganini hisobga olib, tadqiqotchilar kognitiv qarish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan turmush tarzi omillarini aniqlashga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqdalar.
Shirin ovqatlanish tarzi miya salomatligining yomonlashishi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, ko‘pchilik ularni foydali deb o‘ylab, kam kaloriyali va kaloriyasiz shirinlashtiruvchilarga o‘tgan.
Asosan parhez ichimliklar, yogurtlar, oqsilli batonchiklar va stol mahsulotlarida uchraydigan bu shirinlashtiruvchilarga aspartam, saxarin, kaliy atsesulfam hamda eritrit va ksilit kabi shakar spirtlari kiradi.
Ular keng tarqalganiga qaramay, sog‘liqqa ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ortib bormoqda. Avvalgi tadqiqotlarda sun’iy shirinliklar rasmiy ruxsat etilgan me’yorlar doirasida iste’mol qilinganda ham diabet, yurak-qon tomir kasalliklari va depressiya rivojlanish xavfining ortishi bilan bog‘liqligi aniqlangan.
Ba’zi tadqiqotlar, shuningdek, bu shirinliklar va demensiya yoki yomon xotira o‘rtasidagi potentsial bog‘liqlikni taxmin qiladi, ammo keng ko‘lamli uzoq muddatli tadqiqotlar haqida ma’lumotlar yo‘q. Ushbu tadqiqot ana shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun ishlab chiqilgan.
Avvalroq Spot TikTok va Reels tomosha qilish miya uchun alkogolga qaraganda besh baravar xavfliroq ekanligi haqidagi tadqiqot natijalarini yozgandi.
Qayd etilishicha, qisqa videolar diqqatni jamlash, kognitiv qobiliyatlar va hatto xotiraga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ular spirtli ichimliklardan ancha kuchli qaramlik hosil qiladi.