2026-yil fevral oyi yakuniga ko‘ra, so‘m kursi dollarga nisbatan mustahkamlandi. Bu haqda Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
Fevralda milliy valyuta AQSH dollariga nisbatan 88,6 so‘mga yoki 0,72% ga qimmatlab, 12 136,57 so‘mni tashkil etdi.
Birinchi o‘n kunlikda valyuta birjasida o‘tgan dastlabki 6 ta savdo sessiyasida so‘m ketma-ket qadrsizlandi va 9-fevralga kelib dollar kursi oylik maksimum — 12 320,34 so‘mga yetdi.
Ikkinchi o‘n kunlikda Amerika valyutasi arzonlasha boshladi hamda 12 130−12 310 so‘m oralig‘ida tebrandi. Oxirgi o‘n kunlikda esa dollar qimmatlashganiga qaramay, keyingi uch kun ichida milliy valyuta 51,11 so‘mga mustahkamlandi.
27-fevral kuni banklarda AQSH dollarining sotuv kursi 12 140−12 230 so‘m oralig‘ida shakllandi. Eng maqbul taklifni O‘zsanoatqurilishbank hamda APEX BANK bildirgan. Dollarni eng yuqori narxda Poytaxt Bank 12 115 so‘mdan sotib oldi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning qayd etishicha, fevral oyi davomida so‘mning kunlik o‘rtacha tebranuvchanligi 0,21% ni tashkil etib, yanvarga nisbatan pasaydi. O‘tgan yilning mos davrida esa kunlik tebranuvchanlik 0,1% bo‘lgan.
“Ta'kidlash kerakki, fevral oyida so‘m-dollar juftligida koridor kengayishni boshlagan may oyidan buyon eng past tebranuvchanlik qayd etilgan”, — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.
Shuningdek, joriy oyda so‘m tanlab olingan valyutalar orasida eng past tebranuvchan valyutalardan biri bo‘lgan. Fevralda rublning tebranuvchanligi 0,48% ni, tengeniki esa 0,45% ni tashkil etdi.
Tebranuvchanlikning torayishi faqat so‘m bilan emas, balki boshqa ko‘plab valyutalar bilan ham kuzatilgan: oldingi oyga nisbatan tebranuvchanlik yevroda 0,43% dan 0,25% ga, rublda 0,68% dan 0,48% ga, iyenada 0,75% dan 046% gacha pasaygan.
Bundan tashqari, oy davomida so‘mning 10 ta sessiyada mustahkamlanishi kuzatilgan bo‘lsa, yana 10 tasida qadrsizlangan. Fevralda so‘m mustahkamlanishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (0,8%) biroz pasaygan. Xolboyev faqat so‘nggi ikki yilning fevral oyida so‘mning mustahkamlanishi kuzatilayotganini ta’kidladi. Oldingi yillarda so‘m fevral oyida o‘rtacha 0,5% dan qadrsizlangan.
2025-yilning yanvar-dekabr oylari yakuniga ko‘ra, milliy valyuta dollarga nisbatan 6,93% ga yoki deyarli 900 so‘mga mustahkamlanib, 12 025,23 so‘mni tashkil etgandi.
Avvalroq Spot Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi qariyb 36 so‘mga oshib, 12 172,18 so‘mga yetgani haqida yozgandi.