Prezidentning davlat ishtirokidagi korxonalar va banklar faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjat bilan, korxonalar va banklarda korporativ boshqaruv madaniyati rivojlantiriladi. Uning zamonaviy usullari qo‘llanilib, jamiyatlar kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil aʼzolar ulushi 50%ga yetkaziladi.
2026-yil yakunigacha Milliy investitsiya jamg‘armasi ustav kapitalidagi 30%gacha aksiyalar paketining xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklifi o‘tkaziladi.
Jamg‘armaning ulushi bor bo‘lgan jamiyatlar bo‘yicha hisoblanadigan dividendlarni ularning ixtiyorida qoldirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish taqiqlanadi.
Iqtisodiyotdagi o‘rni va ulushi, moliyaviy natijalari, biznes-reja ko‘rsatkichlari bajarilishi va boshqa muhim axborotlarni o‘z ichiga oluvchi maʼlumotlar Davaktiv agentligiga taqdim etiladi.
2024-yilning avgustida O‘zbekistonda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilgandi. Aksiyadorlik jamiyati shaklidagi jamg‘armaning yagona aksiyadori vazirlik belgilangan.
Jamg‘arma aktivlarini professional boshqarishga Iqtisodiyot va moliya vazirligi Franklin Templeton xalqaro kompaniyasini jalb qildi, u o‘tgan yilning 1-mayidan ishonchli boshqaruvchi sifatida ish boshladi.
Sentabr oyida to‘rtta davlat kompaniyasi va bankining aksiyalari Milliy investitsiya jamg‘armasi aktivlaridan chiqarildi: Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki, Uzbekistan Airports va O‘zbekiston pochtasi (Uzpost).
Buning evaziga O‘zMIJ uchta portfelli kompaniya — O‘zbekgidroenergo, Temiryo‘linfratuzilma va O‘zbekinvest‘da qo‘shimcha paketlarni oldi. Bundan tashqari, jamg‘armaga O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan O‘zsanoatqurilishbank‘ning 30% aksiyalari o‘tkazildi.
Natijada investitsiya fondining portfel kompaniyalari soni 18 tadan 15 taga qisqardi, sof aktivlarining boshlang‘ich qiymati esa $1,68 mlrddan 1,93 mlrdgacha oshdi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston 2026-yilda davlat banklarini xususiylashtirishni rejalashtirmayotgani haqida xabar berilgandi.