Apple kompaniyasi BAA hududidagi o‘z chakana savdo do‘konlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda hi-tech mail nashri xabar berdi.

Kompaniya rasmiy saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, savdo nuqtalari kamida 2026-yil 4-mart, chorshanba kuniga qadar yopiladi.

Bu BAA hukumatining biznesga xodimlarning 1−3 mart kunlari do‘konlarda bo‘lishini cheklashni tavsiya etuvchi ko‘rsatmasi bilan bevosita bog‘liq.

Amirliklarda jami 5 ta Apple do‘koni bor. Ulardan ikkitasi Dubaydagi Dubai Mall va Mall of the Emirates savdo markazlarida, qolgan uchtasi esa Abu-Dabidagi Yas Mall, Al Jimi Mall va Al Maryah orolida joylashgan.

Ayni paytda ularning barchasiga do‘konlar “maxsus farmoyish bo‘lguniga qadar” yopiqligi haqida ogohlantirishlar osib qo‘yilgan.

Vaziyatdan xabardor manbalarga ko‘ra, Apple kompaniyasi o‘z do‘konlarini “xavfsizlik nuqtayi nazaridan” — xodimlar va mijozlarni himoya qilish uchun yopgan.

Bunga AQSH va Isroilning Eronga yaqinda bergan raketa zarbalaridan so‘ng Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashuvi sabab bo‘lgan.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli ayrim xorijiy safarlarni vaqtincha kechiktirib turishni maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, ayrim davlatlar tomonidan havo hududidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli xalqaro aviaqatnovlar harakatida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Yaqin Sharqdagi mojaro

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga aviazarbalar berishni boshladi, Tehron va boshqa shaharlarda kuchli portlashlar qayd etildi, deya xabar berdi The New York Times.

Donald Tramp AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi. Shundan keyin Isroil ham, Eron ham o‘z havo hududlarini yopdi.

Keyinroq O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli Umra safarini vaqtincha kechiktirdi. Xususan, 2-martga rejalashtirilgan Toshkent-Jidda reysi ham ma’lum muddatga qoldiriladi.