O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

3-martdan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 12 190,57 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 18 so‘m 39 tiyinga oshdi.

Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda fevral oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi.

Milliy valyuta dollarga nisbatan ketma-ket ikki oylik zaiflashishdan keyin fevralda 0,7% ga mustahkamlandi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning qayd etishicha, fevral oyi davomida so‘mning kunlik o‘rtacha tebranuvchanligi 0,21% ni tashkil etib, yanvarga nisbatan pasaydi. O‘tgan yilning mos davrida esa kunlik tebranuvchanlik 0,1% bo‘lgan.

2025-yilning yanvar-dekabr oylari yakuniga ko‘ra, milliy valyuta dollarga nisbatan 6,93% ga yoki deyarli 900 so‘mga mustahkamlanib, 12 025,23 so‘mni tashkil etgandi.