Uzbekistan Airways aviakompaniyasining kuzatuv kengashi tarkibi qisman yangilandi, deya xabar berildi Korporativ axborot yagona portalida.

Tegishli qaror 13-fevral kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yagona aksiyador sifatida qabul qilindi va 2-mart kuni e‘lon qilindi. Kengash tarkibidan uchta a‘zo chiqarib tashlandi:

  • Odilbek Isoqov — Infrasia Capital kompaniyasi direktori, sobiq moliya vaziri o‘rinbosari;
  • Jasurbek Choriyev — transport vaziri o‘rinbosari;
  • Zafar Astanov — Uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport va aloqa sohalarini moliyaviy tartibga solish va narx siyosati departamenti boshlig‘i.

Shuningdek, kuzatuv kengashiga ikkita yangi a‘zo — Franklin Templeton investitsiyalar bo‘yicha katta menejeri Pavel Mxitaryan va prezident Adminstratsiyasidagi koordinator Otabek Ungbayev kirdi.

Mxitaryanning LinkedIn‘dagi sahifasida uning ishi “O‘zbekistonning xususiylashtirish dasturi doirasida transport sektori aktivlariga qaratilgan"ligi aytiladi. Profil tavsifiga ko‘ra, u $2,5 mlrddan ortiq daromad bilan aviatsiya, infratuzilma va jamoat transporti sohalarida portfelni boshqaradi.

Mxitaryan 24-fevral kuni Uzbekistan Airways Milliy investitsiya jamg‘armasi mandati doirasida kuzatuv kengashiga kiritilganini ma‘lum qildi. Bungacha, 2025-yil iyun oyida u O‘zMIJni tashkil etishdagi ishtiroki haqidagi sharhini e‘lon qilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni davlat kompaniyalari boshqaruvini qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Unga ko‘ra, Franklin Templeton Asset Management vakillari O‘zMilliy tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi aksiyalariga egalik qiluvchi kompaniyalarning kuzatuv kengashlariga kiritiladi. Yil oxiriga qadar fond aksiyalarini (IPO) joylashtirishni tashkil etish rejalashtirilgan.

Spot, avvalroq, Uzbekistan Airways 2030-yilgacha aviaparkini kamida ikki barobarga ko‘paytirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.