O‘tgan hafta Wolt yetkazib berish xizmati O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi. 5-martdan boshlab ilova va sayt orqali buyurtma berishning imkoni bo‘lmaydi. Xalqaro yetkazib berish brendi mamlakat bozorini ishga tushirilganidan atigi bir yarim yil o‘tib tark etmoqda.

2024-yil kuzida Wolt O‘zbekiston bozoriga kirishini ma’lum qilgan, Toshkentda operatsion faoliyatni yo‘lga qo‘yish boshlangan edi. Mamlakat kompaniya geografiyasiga kiritildi, qo‘llab-quvvatlash xizmati va savdo bo‘limidan tortib bosh direktor lavozimigacha bo‘lgan mahalliy jamoa shakllantirilgan edi.

O‘tgan yili Spot Wolt’ning Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Gruziyadagi jamoatchilik siyosati bo‘yicha menejeri Natalya Jaliashvili bilan intervyu o‘tkazgandi. Uning ta’kidlashicha, ishga tushirish jarayoni rejalashtirilganidan ko‘ra ko‘proq vaqt olgan. Bunga mamlakat miqyosi, mahalliy jamoani shakllantirish hamda hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish zarurati sabab bo‘lgan. Shuningdek, u O‘zbekistonda oziq-ovqat yetkazib berish segmentida raqobat allaqachon mavjudligini qayd etgan.

“O‘zbekistonda raqobat bor va bu bozorning barcha ishtirokchilari uchun o‘sish rag‘batidir. Yuqori raqobat soha rivojlanishiga xizmat qiladi. Bir necha oy yoki yildan so‘ng bozor yanada yetuklashib, sezilarli natijalarni ko‘rsatadi. Eng muhimi, yakunda foydalanuvchilar yutishi kerak”, — degan edi kompaniya vakili.

O‘sha paytda xizmat 500 dan ortiq restoran va do‘kon bilan hamkorlik qilayotgani, loyiha esa hali investitsion bosqichda ekani ma’lum qilingan. Kompaniya bozorga sarmoya kiritish davom etayotganini va o‘z pozitsiyasini mustahkamlash ustida ishlayotganini bildirgan edi.

Biroq 2026-yil boshida kompaniya O‘zbekistondagi faoliyatini butunlay to‘xtatishi ma’lum bo‘ldi. Wolt qarorini investitsion yondashuvni qayta ko‘rib chiqish va uzoq muddatli barqarorlik uchun aniq istiqbol ko‘rilayotgan bozorlarga e’tibor qaratish bilan izohladi. Bayonotda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos sharoitlari tufayli xizmat sifatini o‘z standartlariga mos darajada barqaror ta’minlash imkoniyati cheklangan.

Finlyandiyada asos solingan Wolt’ning chiqishi bosh kompaniyaning kengroq strategik qaroriga hamohang bo‘ldi. Amerikaning DoorDash texnologik guruhi Qatar, Singapur, Yaponiya va O‘zbekiston kabi bir qator mamlakatlarda Deliveroo hamda Wolt brendlari faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan.

Spot FoodTech bozori bo‘yicha mustaqil ekspert, Korzinka’ning sobiq e-commerce direktori Semyon Morgunov bilan Wolt’ning O‘zbekiston bozorini tark etish sabablari, raqobat muhiti, ekotizim ishtirokchilarining roli hamda bu qarorning mamlakatda bozorning kelgusi rivojlanishiga ta’siri haqida suhbatlashdi.


wolt, yetkazib berish

Semyon Morgunov,

FoodTech bozori bo‘yicha mustaqil ekspert.

Men Wolt’ning O‘zbekistondan ketishini “bozorimizda nimadir joyida emas” degan ishora sifatida talqin qilmagan bo‘lardim. Bu ko‘proq DoorDash’ning portfel darajasidagi qaroriga o‘xshaydi.

Bu yerda kontekst muhim. DoorDash 2022-yilda Wolt’ni, 2023-yil oxirida esa Deliveroo’ni sotib oldi. Bunday yirik bitimlardan so‘ng guruh ichidagi ustuvorliklarni qayta ko‘rib chiqish — integratsiyaning tabiiy bosqichi. Odatda bu jarayonda kompaniya aktivlar portfelini optimallashtiradi va resurslarni eng istiqbolli yo‘nalishlarga yo‘naltiradi.

Shuni ham alohida ta’kidlardim: bir vaqtning o‘zida to‘rtta mamlakatda faoliyat to‘xtatilgani e’lon qilindi. Shu bois, bu qarorni aynan O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘lamagan bo‘lardim. Bu ko‘proq biznes geografiyasini global miqyosda qayta ko‘rib chiqish jarayoniga o‘xshaydi.

Endi rasmiy izohlarni biznes tiliga o‘girib ko‘rsak. “Investitsiyalarni qayta ko‘rib chiqish” deganda men kapitalni mamlakatlar va loyihalar o‘rtasida qayta taqsimlashni tushunaman. Ya’ni kompaniya tezroq kengayish va barqaror rentabellikka erishish mumkin bo‘lgan bozorlarni tanlaydi. Oddiyroq aytganda, investitsiyalar bozor salohiyati mavjud, biroq biznes modelini uzoq vaqt “isbotlash” talab etiladigan joylardan ko‘ra, o‘sish va foydaga tezroq chiqish mumkin bo‘lgan joylarga yo‘naltiriladi.

“Bozor sharoitlarining o‘ziga xosligi” degan ibora ham bitta muammoni emas, balki servisning barqaror ishlashini murakkablashtiradigan omillar majmuini anglatadi. Bu regulyator talablari, xodimlar va to‘lovlarni rasmiylashtirish jarayonlari, hujjat aylanishi, hamkorlar va pudratchilar bilan ishlash tezligi hamda operatsion jarayonlarning qay darajada bashorat qilinishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Menimcha, masalaning yana bir muhim jihati — xalqaro ochiq aksiyadorlik kompaniyalarida pudratchilar va hamkorlarga qo‘yiladigan talablar doirasi ancha keng bo‘lishidir. Bunday kompaniyalar uchun mezonlar faqat narx va xizmat sifati bilan cheklanmaydi.

Odatda talablar quyidagilarni ham o‘z ichiga oladi:

  • mulkchilik shaklining shaffofligi;
  • to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar va soliq hujjatlari;
  • mehnat standartlariga rioya etish;
  • auditga tayyorlik.

Amalda bu mahalliy yetkazib beruvchilar narx va sifat jihatidan mos kelib, biroq komplayens-tekshiruvidan o‘ta olmaydigan holatlarga olib kelishi mumkin.

Wolt singari xalqaro kompaniya uchun yagona global sifat va nazorat standartlari asosida ishlash muhim. Komplayensga rioya etish katta resurslarni talab qiladi, mahalliy bozorda esa bu talablarga to‘liq javob beradigan pudratchilar soni cheklangan bo‘lishi mumkin. Natijada loyihani ishga tushirish muddatlari cho‘ziladi va operatsion xarajatlar oshadi.

“Iqtisodiy samaradorlik” yoki “barqaror biznes” deganda FoodTech sohasida quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar tushuniladi:

  • CAC (Customer Acquisition Cost) — mijozni jalb qilish tannarxi;

  • LTV (Lifetime Value) — kompaniyaning foydalanuvchidan servisdan foydalangan butun vaqt davomida oladigan daromadi.

Agar kuchli raqobat va doimiy promoaksiyalar tufayli mijozni jalb qilish tannarxi yuqoriligicha qolsa va daromad sekin o‘saversa, xarajatlarning qoplanishi yomonlashadi. Bunday vaziyatda kompaniya mantiqan investitsiyalar tezroq qaytadigan va yuqori ROI — ya’ni kiritilgan mablag‘larning yuqori daromadliligini ko‘rsatadigan bozorlarni tanlaydi.

Nazarimda, qarorni yana bir nechta omil kuchaytirishi mumkin edi, jumladan Uzum va Yandex kabi ekotizim ishtirokchilari bilan raqobat. Ular shunchaki yetkazib berish xizmatlari emas: bir foydalanuvchi ularga bir vaqtning o‘zida bir nechta mahsulot — marketpleys, fintex, transport, obunalar orqali daromad keltiradi.

Shu sababli ularning LTV ko‘rsatkichi yuqori va ular yetkazib berishni uzoqroq subsidiyalashi mumkin, ya’ni chegirmalar, bonuslar va bepul buyurtmalarni taqdim eta oladi, bu esa ekotizim ko‘magiga ega bo‘lmagan vertikal ishtirokchi uchun narx bo‘yicha raqobatni ancha qiyinlashtiradi.

Yana bir qo‘shimcha omil — odatni shakllantiradigan eksklyuziv restoranlar va “langar"larning yo‘qligi. Bozorning dastlabki bosqichida eksklyuziv restoranlar foydalanuvchilarni jalb qilishga yordam beradi, ammo barqaror o‘sish uchun foydalanuvchining har kuni ilovada ko‘rishni kutadigan “gigiyenik minimum”, ya’ni asosiy xizmatlar to‘plami muhimroq hisoblanadi.

Buyurtmalar chastotasining drayverlaridan biri — oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishdir. Korzinka yoki Makro kabi yirik tarmoqlar ana shunday “langar” vazifasini o‘tashi, ya’ni xizmatdan foydalanish chastotasini oshirib, LTV’ni ko‘paytirishi va platforma iqtisodiyotini yaxshilashi mumkin edi. Odatdagi do‘konlar yoki muassasalarning yo‘qligi buyurtmalar chastotasini pasaytiradi, bu esa o‘z navbatida biznesning o‘zini oqlash darajasini pasaytiradi.

Brendning bozordan chiqishiga ta’sir qilgan boshqa mahalliy omil — O‘zbekistonda real talabning asosan bir nechta shaharda jamlanganidir. Hozircha yetkazib berish bozori asosan Toshkentda to‘plangan. Samarqand, Buxoro va Farg‘ona vodiysi shaharlarida salohiyat mavjud bo‘lsa-da, raqobatchilar asosiy shaharlarga katta sarmoya kiritgan va uzoq muddat promo-bosimni ushlab turadi. Shu bois, xalqaro kompaniya uchun resurslarni buyurtmalar zichligi va miqyos iqtisodiyoti tezroq shakllanadigan joylarga yo‘naltirish mantiqan to‘g‘ri keladi.

Biroq servis Qozog‘istonda faoliyatini davom ettirdi. Nima uchun shunday bo‘lgani haqida hozircha yakuniy xulosa chiqarish qiyin, lekin bir nechta farazlarni ilgari surish mumkin.

Birinchidan, Qozog‘istonda o‘rtacha chek va buyurtmalar chastotasi yuqori. U yerda aholi jon boshiga YIM O‘zbekistondagi $3,6 mingga nisbatan qariyb $14,7 mingni tashkil etadi, bu esa LTV’ga bevosita ta’sir qiladi. Ikkinchidan, Wolt u yerda 2019-yildan beri faoliyat yuritadi va ko‘plab shaharlarda mavjud. Shu vaqt davomida logistika samaradorligining asosiy omili bo‘lgan buyurtmalar zichligini oshirishga erishildi.

Uchinchidan, xalqaro ishtirokchilar bozorga deyarli bir vaqtda kirib kelgan, O‘zbekistonda esa Wolt ishga tushgan paytda raqobat allaqachon shakllanib ulgurgan edi.

Bularning barchasi O‘zbekiston uchun nimani anglatadi? Fikrimcha, Wolt’ning ketishi respublika bozoriga qo‘yilgan “tashxis” emas. Aksincha, bu bozorning raqobatbardosh bo‘lib qolganini va rivojlanishning yanada yetuk bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatadi. Bundan keyingi o‘sish promoaksiyalar hisobiga emas, balki xizmat sifati, logistika, mahsulotga doir yechimlar va biznes-modellarning samaradorligi orqali ro‘y beradi.

O‘zbekiston istiqbolli bozor bo‘lib qolaveradi, shunchaki ayni paytda DoorDash’ning global portfelida har bir kapital birligi tezroq natija beradigan boshqa hududlar mavjud.