Toshkent shahrida barcha avtobus bekatlaridagi savdo nuqtalari olib tashlanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bekat infratuzilmasini tartibga solish va yangilash ishlari yangidan tashkil etilgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari va xodimlari tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Birinchi bosqichda 100 kmlik masofa qamrab olinib, mutaxassislar tomonidan 360 dan ortiq bekat va 190 ta katta-kichik chorraha xatlovdan o‘tkazildi.

Audit natijalariga ko‘ra, jamoat transporti bekatlari o‘rnida xalq tilida “tijorat do‘konlari” deb ataladigan 110 ta savdo obyekti joylashgani aniqlangan. Ulardan 61 tasining egalari bekat hududiga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan.

Hokimlik ularning faoliyatiga huquqiy baho berilib, tegishli choralar ko‘rilishini qayd etdi. Shuningdek, shahar ma’muriyatining tegishli qarori bilan barcha bekatlar yangilanadi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga savdo nuqtalarini o‘rnatish uchun boshqa joy ajratish orqali kompensatsiya to‘lab berish ko‘zda tutilgan.

Poytaxt hokimligi xorijiy amaliyotda jamoat transporti bekatlarining zamonaviy konsepsiyalarida savdo obyektlari bo‘lmasligini eslatdi. Bekatlar yo‘lovchilarning transportni erkin va xavfsiz kutishi, platformalarning keng bo‘lishi hamda tirbandlik vaqtida ularni kengaytirish imkoniyati va inklyuziv muhit yaratilishini nazarda tutadi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva fevral oyi oxirida poytaxtda transport boshqaruvini takomillashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgandi.

Undan keyin Toshkent shahar hokimligi poytaxtda yo‘l harakatini yaxshilash maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qildi. Uning doirasida eng tirband 472 km yo‘l aniqlanib, svetofor va yo‘l belgilarini yangilash, yo‘l chiziqlarini takomillashtirish, bekatlarni modernizatsiya qilish hamda avtoturargohlarni tartibga solish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, yo‘l bo‘yidagi savdo shoxobchalari optimallashtirilib, yo‘llardagi chuqurlar ta’mirlanadi.

Avvalroq Chorsu va Farhod bozorlarida yashirin iqtisodiyotga qarshi nazorat tadbirlari o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.