Transport vazirligi Yaqin Sharq mamlakatlaridan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Mintaqadagi harbiy mojaro tufayli 28-fevraldan boshlab O‘zbekiston shaharlaridan Dubay, Sharja, Madina, Doxa, Jidda, Tel-Aviv, Tehron, Quvayt yo‘nalishlarida barcha aviaqatnovlar bekor qilindi.
Natijada 28-fevral — 2-mart kunlari Quvayt, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA dan 1 681 ta fuqarolar ucha olishmagan. Shu bilan birga, TIV Yaqin Sharqdagi vatandoshlardan 2144 ta murojaat kelib tushganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyevning Yaqin Sharqdagi holat sabab fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha topshirig‘i doirasida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar tuzildi. Ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida O‘zaviatsiya agentligida 24/7 rejimda ishlaydigan SHTAB tashkil etildi.
Hozirgi vaqtda rezident va norezident aviakompaniyalar tomonidan 2026-yil 28-fevralgacha jo‘nab ketgan yo‘lovchilarni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida parvozlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kun holatiga ko‘ra, mamlakatimiz rezident aviakompaniyalari tomonidan Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta parvozlar bajarilib 4 948 ta hamda Dubay shahridan 235 ta yo‘lovchilar O‘zbekistonga olib kelinishi ta’minlandi.
Ushbu reyslar bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun faqatgina aviakompaniyalarning vakolatxonalariga va ularning rasmiy veb-saytlarida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga (ishonch telefonlariga) murojaat qilish kerak.
Ehtimoliy tushunmovchiliklar va moliyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida faqat rasmiy ma’lumot manbalaridan foydalanish va tekshirilmagan vositachilarga murojaat qilishdan saqlanish tavsiya etiladi.
Avvalroq o‘ta boylar Yaqin Sharqni tark etish uchun xususiy samolyotlarga $350 minggacha to‘layotgani haqida xabar berilgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, evakuatsiya qilinayotganlar orasida global moliyaviy kompaniyalar top-menejerlari hamda mintaqada dam olayotgan yoki xizmat safarida bo‘lgan badavlat shaxslar bor.