Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi ortidan mintaqada bo‘lib turgan boy tabaqa xavfsiz hududlarga chiqib ketish uchun katta miqdordagi mablag‘ sarflamoqda.

Qayd etilishicha, xususiy samolyotlar orqali Yevropaga uchish narxi $350 mingga baholanmoqda.

Boy elita Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan evakuatsiya qilinish uchun Saudiya Arabistoniga qochmoqda, chunki o‘tgan dam olish kunlari Eron raketalari va dronlari ilgari badavlat insonlar yashaydigan va xavfsiz hisoblangan Abu-Dabi, Dubay, Qatar hamda Bahrayn hududlariga zarba berdi.

Saudiya Arabistoni poytaxtidagi aeroport haligacha ishlayotgan sanoqli havo bandargohlaridan biri bo‘lgani sababli, Ar-Riyod Yaqin Sharqni tark etishning xavfsiz yo‘lini izlayotganlar uchun asosiy yo‘nalishga aylanmoqda.

Biroq safar ancha qimmatga tushmoqda — xabarlarga ko‘ra, xususiy qo‘riqlash kompaniyalari odamlarni Dubaydan Ar-Riyodga 10 soatda yetkazish uchun butun boshli yo‘ltanlamaslar parkini buyurtma qilmoqda, so‘ng esa xususiy samolyotlarni ijaraga olmoqda.

Semafor ma’lumotlariga ko‘ra, evakuatsiya qilinayotganlar orasida global moliyaviy kompaniyalar top-menejerlari hamda mintaqada dam olayotgan yoki xizmat safarida bo‘lgan badavlat shaxslar bor.

Favqulodda chiqish yo‘llariga talab keskin oshgani sabab yo‘ltanlamaslar va xususiy samolyotlar narxi ko‘tarilmoqda: Ar-Riyoddan Yevropaga xususiy reyslar narxi hozir $350 minggacha (260 ming funt sterling) yetgani aytilmoqda.

Eronning yakshanba kuni Ummondagi port va neft tankeriga bergan zarbasidan so‘ng bu yo‘nalishlar yopilgach, Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqdan chiqish uchun eng xavfsiz mamlakat sifatida ko‘rilmoqda.

Ar-Riyodda shahardan taxminan 35 km uzoqlikda joylashgan Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroport (RUH) faoliyat yuritadi.

Aeroportda beshta yo‘lovchi terminali mavjud bo‘lib, odatda Yevropa, Amerika, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaga reyslar amalga oshiriladi.

Avvalroq Yaqin Sharqdagi mojalar sababli Dubay aeroporti faoliyatidagi uzilish sababli daqiqasiga taxminan $1 mln yo‘qotayotgani haqida xabar berilgandi.

Asosiy aviahab faoliyatidagi nosozliklar Emirates aviakompaniyasi, tranzit tashuvlari, mehmonxonalar, savdo shoxobchalari va transport infratuzilmasi ko‘radigan zararlar tufayli qimmatga tushmoqda.

Telekanalning qayd etishicha, aeroport 100 dan ortiq mamlakatdagi 260 dan ziyod shaharni o‘zaro bog‘laydi.

Dubay aeroporti (va shahar ichidagi boshqa yirik aeroportlar) 28-fevraldan boshlab to‘liq ishlashni to‘xtatdi. Shu kuni barcha reyslar to‘xtatilgan va aeroportlar yopilgan. Bu holat mintaqadagi harbiy to‘qnashuvlar va havo bo‘shlig‘i yopilishi sabab yuzaga kelgan.

Keyinchalik 2026-yil 2-martdan boshlab cheklangan reyslar bilan aeroportlar qisqa vaqt ichida qayta ochila boshlagan.

Yaqin Sharqdagi mojaro

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga aviazarbalar berishni boshladi, Tehron va boshqa shaharlarda kuchli portlashlar qayd etildi, deya xabar berdi The New York Times.

Donald Tramp AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi. Shundan keyin Isroil ham, Eron ham o‘z havo hududlarini yopdi.

Keyinroq O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli Umra safarini vaqtincha kechiktirdi. Xususan, 2-martga rejalashtirilgan Toshkent-Jidda reysi ham ma’lum muddatga qoldiriladi.

TIV o‘zbekistonliklarga Yaqin Sharqqa safarlarni vaqtincha kechiktirishni tavsiya qilgandi. Hozirda xorijda bo‘lib turgan fuqarolardan esa ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘raldi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi holat sabab fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgandi.