Yaqin Sharqdagi mojalar sababli Dubay aeroporti faoliyatidagi uzilish sababli daqiqasiga taxminan $1 mln yo‘qotmoqda, deya xabar berdi NDTV World.

Asosiy aviahab faoliyatidagi nosozliklar Emirates aviakompaniyasi, tranzit tashuvlari, mehmonxonalar, savdo shoxobchalari va transport infratuzilmasi ko‘radigan zararlar tufayli qimmatga tushmoqda.

Telekanalning qayd etishicha, aeroport 100 dan ortiq mamlakatdagi 260 dan ziyod shaharni o‘zaro bog‘laydi.

Dubay aeroporti (va shahar ichidagi boshqa yirik aeroportlar) 28-fevraldan boshlab to‘liq ishlashni to‘xtatdi. Shu kuni barcha reyslar to‘xtatilgan va aeroportlar yopilgan. Bu holat mintaqadagi harbiy to‘qnashuvlar va havo bo‘shlig‘i yopilishi sabab yuzaga kelgan.

Keyinchalik 2026-yil 2-martdan boshlab cheklangan reyslar bilan aeroportlar qisqa vaqt ichida qayta ochila boshlagan.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, jumladan, BAA va Qatar mintaqaviy keskinlashuv hamda energiya narxlarining uzoq muddatli inqiroziga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ziddiyatni tezroq diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun keng koalitsiya tuzishga harakat qilmoqda.

Yaqin Sharqdagi mojaro

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga aviazarbalar berishni boshladi, Tehron va boshqa shaharlarda kuchli portlashlar qayd etildi, deya xabar berdi The New York Times.

Donald Tramp AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi. Shundan keyin Isroil ham, Eron ham o‘z havo hududlarini yopdi.

Keyinroq O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli Umra safarini vaqtincha kechiktirdi. Xususan, 2-martga rejalashtirilgan Toshkent-Jidda reysi ham ma’lum muddatga qoldiriladi.

TIV o‘zbekistonliklarga Yaqin Sharqqa safarlarni vaqtincha kechiktirishni tavsiya qilgandi. Hozirda xorijda bo‘lib turgan fuqarolardan esa ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘raldi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi holat sabab fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgandi.


Avvalroq Saudi Aramco Ras Tanura neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgani haqida yozgandi.

Saudiya neft kompaniyasi Eronning dron hujumidan so‘ng mazkur neftni qayta ishlash majmuasini yopgan.