Avvalroq prezident turmush qurish yoshiga yetgan fuqarolar o‘rtasidagi nikoh tuzilishini rag‘batlantirishga qaratilgan farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYO organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish majburiyati yuklatiladi.
Ushbu holatlar haquda xabar bermaslik ma’muriy javobgarlik uchun asos bo‘ladi. Shu bilan birga, xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishi va himoya qilinishini ta’minlash kafolatlanadi. Joriy yil yakunigacha IIV elektron tizimida erta nikoh va homiladorlik to‘g‘risida xabarlarni qabul qiluvchi “O‘smir-signal” moduli ishlab chiqiladi.
Tegishli idoralar hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Yagona milliy ijtimoiy himoya axborot tizimi IIVning jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimiga integratsiya qilinadi.
2026-yil 1-apreldan boshlab himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning mobil qurilmalariga SOS chaqiruv ilovasi o‘rnatiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligining ushbu ilovasi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beradi.
1-noyabrdan boshlab Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi:
- 118 (nomusga tegish);
- 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish);
- 121 (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish);
- 128 (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish);
- 1281 (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish);
- 129 (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish).
Avvalroq fuqarolar bojxona deklaratsiyalarini ilova orqali elektron topshirishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bojxona xodimlariga esa deklaratsiyalardagi texnik xatolar va kamchiliklarni mustaqil ravishda tuzatish huquqi beriladi.