Avvalroq Vazirlar Mahkamasi Toshkent shahrida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlarini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi. Bular kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga kiritilgan, umumiy qiymati $16,2 mlrdlik 31 ta tashabbusni o‘z ichiga oladi.
Tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, 28 ta loyiha turar joy majmualari va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurishni nazarda tutadi. Ulardan tashqari, beshta mehmonxona, ikkita biznes markazi, savdo-ishbilarmonlik markazi, tibbiyot majmuasi va talabalar uchun yotoqxona qurilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, dastur doirasida Yangihayot tumanidagi Xo‘ja Uchqun va Yangi Gulzor mahallalarida joylashgan 799 gektarlik yer uchastkasida Yangi Avlod sanoat zonasi uchun yangi korpuslar quriladi. Loyihalar uchun ajratiladigan yerning umumiy maydoni 2311 gektarni tashkil etadi.
Poytaxtning bosh rejasiga loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 203 ta hudud bo‘yicha strategiya renovatsiyaga, 46 tasi bo‘yicha rekonstruksiyaga va 23 tasi bo‘yicha konservatsiyaga o‘zgartirildi.
Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlarida 11 ta yangi yer uchastkasi qo‘shildi. Umumiy maydoni 56,42 gektar bo‘lgan yettita hudud uchun renovatsiya strategiyasi, 3,85 gektarlik uchta uchastka uchun rekonstruksiya va 4,67 gektarlik bitta uchastka uchun esa konservatsiya strategiyasi tanlandi.
Amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar va ularning joylashuviga oid to‘liq ro‘yxat quyida keltirilgan:
| Manzil | Loyiha | Maydon, gektar | Qiymati |
Olmazor tumani | |||
| Chimboy ko‘chasi, 27 | Talabalar uchun yotoqxona | 0,87 | $25 mln |
| “Shifokorlar” mahallasi | Mehmonxona, sog‘lomlashtirish markazi, turar va noturar joy obyektlari | 2 | $50 mln |
| “Miskin” mahallasi, Yangi Olmazor ko‘chasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 58 | $1,26 mlrd |
Bektemir tumani | |||
| “Nurafshon” va “Mirishkor” mahallalari | Turar joy majmuasi, servis va ko‘ngilochar obyektlar | 150 | $3 mlrd |
| “Zabardast” mahallasi | Turar joy majmuasi, servis va ko‘ngilochar obyektlar (Bektemir City) | 58 | $1,2 mlrd |
Mirobod tumani | |||
| “Mingo‘rik” va “Oybek” mahallalari | Pastki qavatlarida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi | 55 | $1 mlrd |
| “Abdurauf Fitrat” mahallasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 14 | $307 mln |
| “Baynalminal” va “Yangi Mirobod” mahallalari | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 71,6 | $1,209 mlrd |
Mirzo Ulug‘bek tumani | |||
| “Oltintepa” mahallasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 73,5 | $95 mln |
| “Chingeldi” mahallasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 245 | $206 mln |
| “Navnihol” mahallasi, Olimlar ko‘chasi 56−58 | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 83 | $150 mln |
Sergeli tumani | |||
| “So‘g‘diyona” mahallasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 44,7 | $1,34 mlrd |
| “Ko‘hna Qumariq”, “Sultonobod”, “Ziyolilar”, “Eskijar” mahallalari | Zamonaviy turar joy majmuasi, servis va ijtimoiy-ko‘ngilochar obyektlar | 100 | $425 mln |
| “Yuqori Darxon” mahallasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 33,5 | $35 mln |
Uchtepa tumani | |||
| “Katta Cho‘ponota” mahallasi | Zamonaviy turar joy majmuasi, servis obyektlari, mehmonxona va ijtimoiy obyektlar | 74,5 | $1,41 mlrd |
Shayxontohur tumani | |||
| “Olim Xo‘jaev” mahallasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 10,5 | $320 mln |
| “Chorsu” mahallasi, Navoiy — Beruniy ko‘chalari burchagi | 5 yulduzli mehmonxona, turar joy majmuasi va servis obyektlari | 3,9 | $600 mln |
| “Shayxontohur” mahallasi, Labzak ko‘chasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 2,45 | $150 mln |
| “Oqilon” va “Olim Xo‘jaev” mahallalari | 9 qavatli binolardan iborat zamonaviy turar joy majmuasi va servis obyektlari | 233,8 | $50 mln |
Chilonzor tumani | |||
| Beshyog‘och bozori hududi | Zamonaviy turar joy majmuasi, servis obyektlari, mehmonxona va ijtimoiy obyektlar | 10,6 | $461 mln |
| “Beshyog‘och” mahallasi, Seul ko‘chasi 120 | 5 yulduzli mehmonxona, turar joy majmuasi va servis obyektlari | 2,5 | $125 mln |
| “Katta Chilonzor-2” mahallasi, Chilonzor ko‘chasi 76 | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 4,5 | $100 mln |
| “1-Charx Kamolon” mahallasi, Chilonzor berk ko‘chasi | Premium apartamentlar Tonino Lamborghini Residences, 5 yulduzli mehmonxona va biznes markazi | 37 | $315 mln |
Yunusobod tumani | |||
| “Oqtepa” va “Oqtosh-2” mahallalari | Zamonaviy 16 qavatli turar joy majmuasi va servis obyektlari | 36,5 | $85 mln |
| Amir Temur ko‘chasi | Pastki qavatlarida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi | 2,1 | $80 mln |
Yashnobod tumani | |||
| “Amir Temur” mahallasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 9,9 | $100 mln |
| Farg‘ona yo‘li ko‘chasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 7,5 | $95 mln |
| “To‘ytepa” mahallasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 0,29 | $5 mln |
| Parkent ko‘chasi | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 6,8 | $20 mln |
Yangihayot tumani | |||
| “Gulshanobod” mahallasi, Qurilish ko‘chasi 73 | Zamonaviy biznes markazi va savdo majmuasi | 80,4 | $400 mln |
| “Xo‘ja Uchqun” va “Yangi Gulzor” mahallalari | “Yangi avlod” zonasida ishlab chiqarish va servis obyektlari | 799 | $1,67 mlrd |
Toshkent bosh rejasi
2024-yil oxirida Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlanib, unda poytaxt hududi uchta — konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgandi. Joriy yilning iyun oyida Toshkent hokimligi prezidentga binolarning ruxsat etilgan balandligi bo‘yicha talablarga zid bo‘lgan ayrim qurilish loyihalarini taqdim etgandi.
Iyul oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Aziz Halilov Spot bilan suhbatda Toshkent bosh rejasiga binolarning qavatlari soniga oid o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Hozirda bosh rejaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Chunki unda ayrim hududlar uchun belgilangan [eskirgan me’yorlar] mavjud. Masalan, faqat besh qavatli bino qurilishi nazarda tutilgan joylarda 16 va undan baland bino-inshootlarni qurish imkoniyati bor”, — dedi u.
Qurilish vazirligi vakilining tushuntirishicha, bosh rejada binolarning ruxsat etilgan qavatlar soni muayyan hududning zilzilaga chidamliligini hisobga olgan holda belgilanadi. Loyihalarni amalga oshirishdan oldin ular ilmiy-tadqiqot institutlarida majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi, qurilish uchun ruxsatnomalar esa tasdiqlangan bosh rejaga qat’iy muvofiq beriladi.
Spot muxbirining poytaxt bosh rejasiga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga Halilov “bunday ehtimol bor” deb javob berdi. Ekspert xulosalari asosida yakuniy qaror qabul qilinadi.
17-iyul kuni qurilish sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov bosh rejaga o‘zgartirishlar kiritilishini ma’lum qildi. Xudo xohlasa, yaqinda [o‘zgartirishlar] e’lon qilinib qoladi", — dedi tadbirkor.
Bunga javoban Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Murod Nazarovning takliflari asosida Toshkent shahrining bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritishni rejalashtirmayotganini bildirdi. Qurilish vaziri o‘rinbosari Davron Odilovning ta’kidlashicha, “vazirlik kun tartibida poytaxt bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilmagan”.
Spot, avvalroq, renovatsiya ulushi to‘rt barobarga oshirilishi, Yangi O‘zbekiston massivlari soni 120 taga yetkazilishi haqida xabar berilgandi.