Endi O‘zbekiston yo‘llaridagi kameralar haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxslarni ham aniqlay oladi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli texnologiyalar haydovchilik guvohnomasi bo‘lmaganda yoki undan mahrum qilinganda avtomobilni boshqarish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan “katta muammolar"ning oldini olish uchun ishlatiladi.

Hozirda mamlakatdagi avtomobil yo‘llarida shaxsning yuzini aniqlash funksiyasiga ega kameralar hamda foto va video qayd etish qurilmalari o‘rnatilgan.

23-fevralidan 3-mart kunigacha test rejimida ishlagan ushbu qurilmalar orqali bir qancha haydovchilik huquqidan mahrum etilgan fuqarolarning mashina boshqargani, boshqaruv vaqtida telefondan foydalanganliklari aniqlangan.

Zoyir Yo‘ldoshevning eslatishicha, tegishli huquqdan mahrum etilgan shaxslar tomonidan avtotransport vositasini boshqarish ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi. MJTKning 135-moddasi 3-qismiga ko‘ra, buning uchun BHMning 50 baravari (20,6 mln so‘m) miqdorida jarima ko‘zda tutilgan.

Huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, haydovchi Jinoyat kodeksining 261−2-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

U BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (20,6−41,2 mln so‘m) jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni ayrim kichik qoidabuzarliklar uchun ogohlantirishlar berish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Shuningdek, avtomatik foto va video qayd etish majmualari tomonidan jarima solinadigan qoidabuzarliklar ro‘yxati, jumladan, haydovchilik guvohnomasisiz avtotransport vositasini boshqarish ko‘rsatilgan.


Avvalroq O‘zbekistonda noqonuniy poygalar uchun javobgarlik belgilash taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.

Adliya vazirligi noqonuniy poygalarni tashkil etish va ularda ishtirok etganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.