Avvalroq prezident raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda farmatsevtika sohasiga yangi texnologiyalarni olib kelish, Big Pharma kompaniyalarni jalb qilishga harakat qilinayotgani aytildi.
Taʼkidlanishicha, bunday kompaniyalar ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishdan oldin “Ichki bozorda dorilar sifati va xavfsizligi bo‘yicha kuchli nazorat tizimi bormi?” degan savol qo‘yadi.
Lekin birgina o‘tgan yilning o‘zida mamlakatda 57 mingdan ziyod nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan, kontrafakt dorilar aniqlangan. Qalbaki nusxasi ko‘paygani uchun nufuzli xorijiy kompaniyalar 21 turdagi original dorilarni O‘zbekistonga olib kirishni to‘xtatgan.
Mas‘ul idoralarga giyohvand va psixotrop moddalarga qarshi qanday kurashilayotgan bo‘lsa, dorilarning noqonuniy aylanmasi bo‘yicha ham xuddi shunday kurashish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, sifatsiz va qalbaki dorilarning oldi-sotdisi bo‘yicha javobgarlikni keskin kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish muhim ekani ta‘kidlandi.
2025-yilning avgustida Zodac va Edem BADlarining 3 mingga yaqin kontrafakt nusxalari aniqlangandi. Qonunbuzilish holatlari yuzasidan uch nafar tadbirkorga nisbatan 82,4 mln so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilgan edi.
Spot, avvalroq, yangi farmatsevtika vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar 3 yilga yer solig‘idan ozod etilishi haqida yozgandi.