Toshkent shahrida quvvati 20 kVtdan ortiq bo‘lgan elektromobillarni quvvatlash shoxobchalarini ulash va ulardan foydalanishda qonunbuzarliklar aniqlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ayrim shoxobchalarning texnik shartlar va kelishuvlarsiz, texnika va yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilmasdan tarmoqqa ulangani aniqlandi. Shuningdek, bunday stansiyalar davlat fondi yer uchastkalarida belgilangan tartiblar, jumladan, elektron onlayn-auksionlarga zid ravishda noqonuniy joylashtirilmoqda.

Aniqlangan holatlar yuzasidan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilib, aloqador shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilmoqda. Ular orasida bozorning yirik ishtirokchilari ham, alohida xo‘jalik yurituvchilar ham bor.

Hokimlik bunday qonunbuzarliklar “biznesning shaxsiy ishi” emas, balki shahar infratuzilmasi hamda aholining elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ekanligini bildirdi. Noqonuniy ulanishlar quyidagilarga olib kelishi mumkin:

  • tarmoqlar va transformator podstansiyalarida ortiqcha yuklama yuzaga kelib, avariyalar va turar joylarning elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi;
  • qisqa tutashuv va yong‘in kelib chiqishining ehtimoli ortishi;
  • avariya oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat va shahar budjetidan qo‘shimcha xarajatlar.

Shu bilan birga, shahar ma’muriyati elektromobillik infratuzilmasi nazoratsiz hamda tarmoqlarning real o‘tkazuvchanlik quvvatini hisobga olmagan holda rivojlanayotganini qayd etib, aholi va tadbirkorlarni xavfsizlik masalalariga e’tibor va mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.

Bundan tashqari, o‘rganishlarda quvvatlash shoxobchalarini transformator punktlariga ulashda mavjud yuklama, belgilangan quvvat limiti va yaqin atrofdagi uylar aholisi tomonidan iste’molning kutilayotgan o‘sishi to‘liq texnik hisobga olinmagani aniqlangan.

“Bunday „texnik yanglishuv“ va quvvatni taqsimlashda kelishilgan yondashuvning yo‘qligi ortiqcha yuklama va avariyaviy o‘chirishlar xavfini yuzaga keltiradi”, — deyiladi xabarda.

Toshkent shahar hokimligi ulanishni rasmiylashtirmagan yoki to‘liq hujjatlar to‘plamisiz rasmiylashtirgan shoxobcha egalarini zudlik bilan faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish — texnik shartlar, kelishuvlar va boshqa majburiy tartib-qoidalarni yakunlashni tavsiya qildi.

Avvalroq Toshkentda barcha avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanishi haqida xabar berilgandi. O‘rganishlarda avtobus bekatlaridagi 110 ta savdo do‘konining 61 tasida egalik huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi.