Apple A18 Pro protsessori bilan jihozlangan birinchi arzon MacBook Neo noutbukini taqdim etdi.
MacBook Neo iPhone’larda qo‘llanadigan A18 Pro protsessori, 8 GB tezkor xotira hamda 256 GB yoki 512 GB hajmli SSD bilan jihozlandi. Batareyaning bir quvvatlanishda ishlash vaqti 16 soatgacha yetishi ma’lum qilingan.
Yorqinligi 500 nit bo‘lgan va 1 mlrd rangni qo‘llab-quvvatlaydigan Liquid Retina displeyining diagonali 13 dyuymni tashkil etadi. Displey jiloga qarshi qoplamaga ega. Klavaturasi — Magic Keyboard. 512 GB xotirali modelda Touch ID funksiyasi mavjud.
Qurilmaga Spatial Audio va Dolby Atmos texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydigan ikkita dinamik, shuningdek, fon shovqinini kamaytirish va foydalanuvchi ovozini ajratib ko‘rsatish uchun yo‘naltirilgan nur shakllantiruvchi ikkita mikrofon o‘rnatilgan.
Noutbukda ikkita USB-C porti (biri — USB 3, ikkinchisi — USB 2) va naushniklar uchun raz’yom bor. Wi-Fi 6E va Bluetooth 6 standartlari qo‘llab-quvvatlanadi.
MacBook Neo‘ning boshlang‘ich narxi $599 ni tashkil etadi. Qurilma kumushrang, indigo, pushti va sitrus ranglarda sotuvga chiqariladi.
Oldindan buyurtma berish 4-martdan boshlangan, sotuvlar esa 11-martdan boshlanadi.


Avvalroq Apple hamyonbop iPhone 17e va yangilangan iPad Air’ni taqdim qilgandi.

